Kuvayt Davlati 25 fevral – Milliy bayramining 55 yilligi hamda 26 fevral – Ozodlik sanasining 25 yilligini nishonladi. Qo‘shaloq bayram munosabati bilan Kuvaytda hamda dunyo bo‘ylab tantanali marosimlar tashkil etildi.
Joriy yil yanvarda Kuvayt Amiri Shayx Saboh al-Ahmad al-Jobir al-Caboh mamlakat taxtiga o‘tirganiga 10 yil to‘ldi. Kuvaytliklar mazkur tarixiy voqeani ham tantana qilmoqda.
Kuvayt axborot agentligi (KUNA) xabariga ko‘ra, milliy bayram munosabati bilan mamlakat qurolli kuchlari ishtirokida an’anaviy harbiy parad o‘tkazilgan. Rasmiy tantanalar xalq sayllariga ulanib ketgan. Har yilgidek mamlakat bo‘ylab mushakbozliklar uyushtirilgan.
Kuvaytlik alpinistlar Milliy bayram munosabati bilan Kilimanjaro tog‘i cho‘qqisiga – dengiz sathidan 5895 metr balandga mamlakat bayrog‘ini tikdi.
Tarixdan ma’lumki, Kuvayt 1899-1961 yillarda Buyuk Britaniya protektorati ostida bo‘lgan. 1961 yilda esa mamlakat to‘la mustaqillikni qo‘lga kiritgan. Shu tariqa 25 fevral milliy bayram sifatida nishonlanadi.
1991 yildan boshlab esa 26 fevral Kuvayt Ozodlik kuni sifatida bayram qilinadi. Gap shundaki, bundan roppa-rosa chorak asr muqaddam xalqaro koalitsiya Iroqning yetti oylik bosqinchilik urushiga chek qo‘yib, Kuvaytni ozod qilgan edi.
Qo‘shaloq bayram munosabati bilan Toshkentda ham tantanali kecha uyushtirildi. Kuvaytning O‘zbekistondagi elchixonasi 25 fevral kuni International Hotel Tashkent mehmonxonasida qabul marosimi tashkil etdi. Marosimda diplomatik korpus hamda xalqaro tashkilotlar rahbarlari, O‘zbekiston madaniyat, san’at hamda ilm-fan namoyandalari, faxriy mehmonlar ishtirok etdi. Tadbirda O‘zbekiston hukumati nomidan Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar hamda savdo vaziri Elyor G‘aniyev qatnashdi. Qabul marosimiga Kuvaytning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Ahmad Xolid Abdulla al-Jiyron mezbonlik qildi.
Toshkentdagi qabul marosimida Kuvayt milliy raqslari ijro etildi.
O‘zbekiston va Kuvayt o‘rtasida 1994 yil iyulda diplomatik munosabatlar o‘rnatilgan. 2001 yili Kuvayt O‘zbekistonda, 2004 yili O‘zbekiston Kuvaytda elchixona ochgan.
Ikki mamlakat turli sohalarda, jumladan, BMT, Islom hamkorlik tashkiloti va boshqa tashkilotlar doirasida samarali hamkorlik qilib kelmoqda. O‘zbekiston Prezidentining 2004 yil yanvarda Kuvaytga, Kuvayt Amirining 2008 yil iyulda mamlakatimizga tashrifi o‘zaro munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqdi. Siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar aloqalarni yanada faollashtirish imkonini berdi.
Arab iqtisodiy rivojlanishi Kuvayt fondi 1997 yildan beri O‘zbekistonda turli loyihalarga moliyaviy ko‘mak berib kelmoqda. Hozirga qadar Kuvayt jamg‘armasi aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash, transport infrastrukturasi, energetika, tibbiyot kabi sohalardagi loyihalarga 135 million AQSh dollari ajratgan.
Eslatib o‘tamiz, Ahmad Xolid Abdulla al-Jiyron 2015 yil 10 dekabrda O‘zbekiston Prezidentiga Kuvayt Davlatining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi sifatida ishonch yorlig‘ini topshirgan. Uchrashuv chog‘i diplomat o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga bor bilim va tajribasini ishga solajagini aytgan. Toshkentga kelgunga qadar elchi Ahmad Xolid Abdulla al-Jiyron Kuvaytning Jazoir, Bahrayn, Tunis, Xitoy kabi mamlakatlardagi diplomatik vakolatxonalarida faoliyat yuritgan.
Sobir Salim