Joriy yilda Buyuk Britaniya elchixonasi O‘zbekiston hukumatining iqtisodiyot, ochiqlik va jinoyat-adliya tizimidagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan loyihalarini moliyalashtirish uchun 500 ming AQSh dollaridan ko‘proq sarmoya ajratadi. Bu haqda 17 fevral kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Kristofer Allan ma’lum qilgan.
Buyuk Britaniya va O‘zbekiston diplomatik aloqalarining 25 yilligiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida elchi ikki tomonlama aloqalarning turli yo‘nalishlari yuzasidan mulohaza bildirgan.
Diplomat O‘zbekistonning biznes muhitni yaxshilash, korruptsiyaga qarshi kurash va chet el investitsiyasini jalb qilish yo‘lidagi intilishini ijobiy qadam o‘laroq baholagan. Qayd etilishicha, hukumatning onlayn portal va boshqa mexanizmlar orqali aholi bilan muloqotni yaxshilashga urinayotgani ijobiy natija bermoqda. Elchi Buyuk Britaniya ushbu islohotlarga O‘zbekiston institutlari bilan tajriba almashish yoki salohiyatni oshirishni moliyalashtirish orqali yordam berishga tayyorligini bildirgan.
Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 2016 yilda O‘zbekiston va Buyuk Britaniya savdo aylanmasi 151 million AQSh dollariga yetdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga qaraganda 43 foizga o‘sgan. O‘zbekistondan Buyuk Britaniyaga asosiy eksport mahsulotlari qora metall va paxta bo‘ldi. Buyuk Britaniyadan asosiy import mahsulotlari esa mashinasozlik mahsulotlari, uskunalar, kimyoviy moddalar, farmatsevtika va iste’mol mollari hamda turli xizmatlarni o‘z ichiga oladi.
Ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirishda turli darajadagi tashriflar muhim o‘rin tutadi. O‘zbekistonga 2016 yil aprelda Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Tobias Ellvud, 2016 yil dekabrda esa Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Alan Dunkan tashrif buyurdi. Ser Alan Dunkan Prezident Shavkat Mirziyoyevni qasamyod qabul qilinganidan so‘ng yuzma-yuz qutlagan birinchi xorijiy amaldor bo‘ldi. O‘z navbatida, O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov 2013 yil noyabrda Buyuk Britaniyada bo‘lib, muzokaralar o‘tkazgan. Buyuk Britaniya elchisi o‘z chiqishida A.Komilovni yil davomida yana Londonda kutib qolishlarini bildirgan.
Diplomat parlamentlararo hamkorlikka ham alohida to‘xtalgan. 2010 yil avgustda Oliy Majlisning Buyuk Britaniya parlamenti bilan hamkorlik guruhi tashkil etilgan. 2010 yil sentyabrda Oliy Majlis guruhi hamda Britaniya–O‘zbekiston umumpartiya parlament guruhi o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolangan. Ikki tomonlama delegatsiyalar almashuvi chog‘ida ko‘plab masalalar qatori inson huquqlari vaziyati ham muhokama qilinmoqda.
Elchi Kristofer Allan matbuot anjumanida Buyuk Britaniya va O‘zbekiston munosabatlarida mudofaa sohasining o‘rni muhimligini qayd etib, Afg‘onistondagi harbiy operatsiyaning tranzitini tashkil qilishda O‘zbekiston ko‘magi uchun minnatdorlik izhor etgan.
2017 yil 18 fevral kuni Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilganiga 25 yil to‘ladi. Manbalarga ko‘ra, ikki davlat o‘rtasida aloqalar tarixi olis o‘tmishga borib taqaladi. Qirol Genrix IV va Amir Temur o‘rtasidagi 600 yil avvalgi davrga oid yozishmalar saqlanib qolgan.