Konstantin Jgenti: “Gruzin kinosi kunlari do‘stligimizni yanada mustahkamlaydi”

Joriy yilning 18-20 dekabr kunlari Toshkentda Gruziya kinosi kunlari bo‘lib o‘tadi. Bu haqda 11 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Gruziyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Konstantin Jgenti ma’lum qildi.

“Ushbu madaniy tadbir ikki do‘st xalq o‘rtasidagi madaniy robitani yanada kuchaytirish maqsadida tashkil etilmoqda. Gruziya va O‘zbekiston azaldan yaqin do‘st, ishonchli hamkor bo‘lib kelgan. Afsuski, o‘zaro aloqalar biroz susaygan vaqtlar ham bo‘ldi. Endilikda hamkorligimizni yanada faollashtirishga intilmoqdamiz. Gruziya kinosi kunlari shu yo‘ldagi bir qadamdir. Namoyish uchun Gruziya kino ustalari suratga olgan turli janr va mavzudagi asarlar saralandi. Mazkur filmlar nafaqat Gruziya kino san’ati darajasi haqida, gruzin xalqining o‘ziga xos tafakkuri, yashash tarzi xususida ham tasavvur uyg‘otadi. O‘zbekistonda gruzin kinosiga ayricha qiziqish mavjudligi, telekanallar orqali filmlarimiz o‘zbek tilida tez-tez namoyish etilayotgani meni mamnun etadi. Gruziya kinosi kunlari davomida ko‘rsatiladigan filmlar ham o‘zbek tomoshabiniga manzur bo‘ladi degan umiddaman”, – dedi Gruziyaning O‘zbekistondagi elchisi Konstantin Jgenti.

Matbuot anjumanida so‘zlagan “O‘zbekkino” milliy agentligi bosh direkori vazifasini vaqtincha bajaruvchi Ahmadjon Umarov ushbu tadbir madaniy diplomatiyani mustahkamlash hamda hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qilajagini ta’kidladi.

Qayd etilishicha, tadbirda ishtirok etish uchun yurtimizga Gruziyadan Baadur Suladze, Zurab Kipshidze, Georgiy Nakashidze, Gudja Burduli kabi taniqli aktyorlar tashrif buyuradi. 19 dekabr kuni o‘zbek va gruzin kinematografchilari ishtirokida davra suhbati ham uyushtiriladi.

Gruziya kinosi kunlari 18 dekabr kuni soat 17:00da Respublika kinochilar uyida tantanali ochiladi. Shu kuni Gruziya kino san’ati tarixiga bag‘ishlangan fotoko‘rgazma ham tashkil etiladi.

Uch kun davomida Respublika kinochilar uyida gruzin kino ustalari suratga olgan “Keto va Kote”, “Birinchi qaldirg‘och”, “Kuzgi quyosh”, “Veriy mavzesi taronalari”, “Bedorlar quyoshi”, “Yakka ovchi”, “Oshiq oshpazning 1001 retsepti” kabi badiiy hamda qisqa metrajli filmlar namoyish etiladi.

Madaniy tadbir Gruziyaning O‘zbekistondagi elchixonasi hamda “O‘zbekkino” milliy agentligi tomonidan tashkil etilmoqda.

Sobir Salim