Kitobim.uz sayti Android qurilmalari uchun elektron kitoblar sotishni yo‘lga qo‘ydi

Kitobim.uz sayti Android qurilmalari uchun elektron kitoblar sotishni yo‘lga qo‘ydi. Endi zamonaviy smartfonlar uchun mo‘ljallangan Kitobim mobil ilovasi orqali «Akademnashr» nashriyotining kitoblari elektron versiyasini sotib olish mumkin.

Dasturning yangi versiyada telefon orqali a’zo bo‘lish imkoniyati kiritildi. A’zolikni tasdiqlash uchun SMS yuboriladi. Click, Mbank tizimlari orqali hisobni to‘ldirish mumkin.

Mobil ilovada “Kutubxona”, “Ruknlar”, “Majmualar”, “Mualliflar”, “Mashhur kitoblar” bo‘limlari mavjud. Kitob va muallif nomini qidiruvga berib, elektron kitobni osonlikcha topish mumkin.

Dastur orqali o‘zbek tilidagi 51 ta kitobni sotib olish, 300 dan ortiq kitobni qulay holatda bepul mutolaa qilish, onlayn va offlayn rejimda foydalanish imkoni mavjud.

Ushbu elektron kitob o‘qish qurilmasida kitoblarni qulay o‘qish uchun quyidagi afzalliklar joriy qilingan:
– Kitob sahifalarni ohista chertish yoki yonga surish orqali tez ochish mumkin.
– Kunduzgi va tungi o‘qish funktsiyasi mavjud.
– Kitob shriftini o‘zgartirish mumkin.
– Shrift o‘lchamini moslab olish mumkin.
– Matnni katta va kichiklashtirish mumkin.
– Navigatsiya orqali kitobning kerakli joyini topish mumkin.
– Mundarija orqali kitobning tegishli bo‘limlariga o‘tish mumkin.

2012 yildan beri faoliyat yuritayotgan Kitobim loyihasi o‘zbek tilida zamonaviy qurilmalar uchun elektron kitoblarni jamlash va kitobxonlarga qulay o‘qish imkoniyatini yaratishni o‘z oldiga maqsad qo‘ygan. Shuningdek, mualliflarga o‘z ijod namunalarini qonuniy asosda elektron tarzda taqdim etish evaziga ma’lum darajada moddiy manfaat olishlariga ko‘maklashish, kitobxonlarga sifatli, qulay va zamonaviy elektron kitoblarni sotib olishlari uchun yordam berish ham loyiha maslaklaridandir.

Dasturni qanday o‘rnatish, foydalanish haqida loyiha saytida to‘liq tushuntirish berilgan. Kitobim’ni Google Play Marketdan o‘rnatishingiz mumkin.