2013 yil 23-24 may kunlari Toshkent shahrining G‘afur G‘ulom nomidagi istirohat bog‘ida Respublika “Kitob bayrami” tadbiri bo‘lib o‘tadi. Sayl tarzida tashkil etiladigan “Kitob bayrami” ochilish marosimida ishtirok etganlar nashriyot-matbaa ijodiy uylari hamda sohada faoliyat yuritayotgan yetakchi nashriyotlar tomonidan tashkil etilgan ko‘rgazma stendlarni tomosha qilishlari mumkin.
Tadbirda respublikamiz nashriyotlari tomonidan chop etilib, so‘nggi yillarda turli xalqaro nufuzli kitob ko‘rgazmalarida sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan, O‘zbekiston noshirlari va matbaachilarining bugungi ijodiy imkoniyatlari va texnik salohiyatlarini ko‘rsatadigan ilmiy-ommabop, ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy, adabiy-badiiy va bolalar hamda o‘smirlarga mo‘ljallangan kitoblarni namoyish qiluvchi 20 dan ziyod ko‘rgazma-stendlar tashkil etiladi.
“Kitob bayrami” doirasida mushoiralar o‘tkaziladi. “Kitobdan yaxshi do‘st bo‘lmas”, “Kitob – olamning sakkizinchi mo‘jizasi”, “Kitob – beminnat ustoz” mavzularida intellektual viktorinalar tashkil etiladi. Bayramda kitob grafikasi va miniatyura janrida ijod qilayotgan yosh rassomlarning ijodiy ko‘rgazmalari ham uyushtiriladi.
Respublika “Kitob bayrami” doirasida kunning ikkinchi yarmida O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligining 300 kishilik majlislar zalida “Kitob – millatning bebaho madaniy merosi” mavzuida ilmiy-amaliy konferentsiya bo‘lib o‘tadi. Unda “O‘zbekiston kitobat san’ati tarixidan lavhalar”, “Noshirlik sohasidagi muammolar va ularning yechimlari masalalari”, “O‘zbekistonda entsiklopedik nashrlarning rivojlanishi”, “Badiiy grafika san’atining bugungi rivoji” kabi mavzularda ma’ruzalar qilinadi. Mazkur konferentsiya doirasida O‘zbekiston Respublikasining “Voyaga yetmaganlarning ma’naviy va jismoniy rivojlanishiga salbiy ta’sir qiluvchi axborotlardan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonuni loyihasining taqdimoti ham o‘tkazish rejalashtirilgan.