17-19 aprel kunlari Turkiyaning Kastamonu shahrida “9-Turk dunyosi adabiy nashrlari kongressi” bo‘lib o‘tdi. Unda Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Turkiya, Eron, Iroq, Makedoniya, Kosovo davlatlaridan, Boshqirdiston, Tatariston, Gagauziya, Qrim o‘lkalaridan 26 adabiy nashr muharrirlari ishtirok etdi.
2018 yilda turkiy dunyoning madaniyat poytaxti deya e’lon qilingan Kastamonu mezbonlik qilgan ushbu kongressda turk dunyosining ijodiy nashrlari hamkorligi, madaniyatlar mushtarakligi, o‘zaro tanishtiruv masalalari so‘zlashildi.
Marosimda Yevrosiyo Yozuvchilar uyushmasining “Turk dunyosida yilning adabiyot kishisi 2017” mukofoti tatar shoiri Zinnur Mansurga taqdim etildi. Shuningdek, buyuk ozarbayjon yozuvchisi Anorning 80 yoshi munosabati bilan unga “TURKSOY” medali berildi.
“Turk dunyosida yilning adabiyot kishisi” mukofoti 2011 yildan beri turkiy dunyoning eng hurmatli va usta shoir-yozuvchilariga taqdim etiladi. Bu mukofotga 2011 yili Ali Oqbosh (Turkiya), 2012 yili Anor (Ozarbayjon), 2013 yili To‘len Abdik (Qozog‘iston), 2014 yili Ismoil Bo‘zqurt (Kipr), 2015 yili Umar Sultonov (Qirg‘iziston), 2016 yili Shukrullo (O‘zbekiston) sazovor bo‘lgan.
“9-Turk dunyosi adabiy nashrlari kongressi” sho‘balarda davom etdi. Bu kongressda ikkinchi bor Ziyouz adabiy portali ham ishtirok etdi. Portalda amalga oshirilayotgan ishlar va adabiy hamkorlik haqida sayt muharriri Davronbek Tojialiyev ma’ruza qildi.
Kongress so‘nggida kelgusi uchrashuvgacha qilinajak ishlar belgilab olindi: turkiy tilli jurnallarning o‘rtoq internet bazasini tashkil etish; 2018 yilda “Turk dunyosida yilning adabiyot kishisi” sifatida gretsiyalik turk shoiri Rahmi Ali e’tirof etilishi takliflari ma’qullandi.