Jurnalist va taniqli shoir Abduvali Qutbiddin vafot etdi

8 dekabr kuni O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, taniqli shoir Abduvali Qutbiddin vafot etdi. Janozasi Samarqand viloyatining Urgut tumani, Mergancha qishlog‘ida o‘tkazildi.

Abduvali Qutbiddin 1960 yil 20 iyunda Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahrida tug‘ilgan. ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1983).

Samarqand viloyat gazetasi «Lenin yo‘li» (hozirgi «Zarafshon») gazetasida adabiy xodim, G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotida muharrir, «Yozuvchi» nashriyotida yetakchi muharrir, bosh muharrir bo‘lib ishlagan.

Dastlabki she’riy to‘plami — «Nayson» (1988). Shundan so‘ng shoirning «Humo» (1989), «Baxtli yil» (1991), «Xayol kechasi» (1994), «Sen va sen uchun» (1996), «Uzoqdan olisga» (2007) kabi she’riy to‘plamlari nashr etilgan.

«Do‘stlik» ordeni bilan mukofotlangan (1997).