O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida Jazoir xalq demokratik respublikasining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Nosir Busherit bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Universitet matbuot xizmatiga ko‘ra, uchrashuv mobaynida Jazoirdagi QS reytingi baland bo‘lgan oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik o‘rnatish, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvi kabi masalalar muhokama qilindi.
Uchrashuvda O‘zbekiston bilan Jazoir o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilganining 30 yilligi va 5 iyulda nishonlanadigan Jazoir milliy bayrami munosabati bilan tanlov tashkillashtirish masalasi ham ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv doirasida Jazoirning O‘zbekistondagi elchisi yozgan kitob taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi. Ma’lumot o‘rnida, mazkur kitob o‘zbek tiliga O‘zDJTU Tarjimonlik fakulteti o‘qituvchilari tomonidan tarjima qilingan.
Eslatib o‘tamiz, Jazoir elchisi “Ziyouz”ga bergan intervyusida o‘zaro hamkorlikka yuqori baho bergan edi.
“Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalar hamisha o‘zaro hurmat, birodarlik, do‘stlik va hamkorlikka asoslangan. Har ikki o‘lka islom tamadduniga mansub ekani esa xalqlarimiz o‘rtasidagi birodarlik aloqalarining poydevori sanaladi. Shu o‘rinda Jazoir O‘zbekiston mustaqilligini birinchilardan bo‘lib tan olgani hamda Toshkentda elchixona ochganini qayd etish joiz. Bu esa, Jazoir mamlakatingiz bilan siyosiy, iqtisodiy va madaniy jabhalarda hamkorlikni rivojlantirishga tayyor ekanining yana bir tasdig‘i”, – degan edi diplomat.
Nosir Busherit 2015 yildan buyon yurtimizda elchi sifatida faoliyat yuritib kelmoqda. Bunga qadar u Jazoir tashqi ishlar vazirligi tizimida mas’ul vazifalarda ishlagan, shuningdek, Vetnam, Kamboja, Myanma, Laos kabi davlatlarda o‘z mamlakatini tamsil etgan.