“Jajji akademik” jurnalining taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi

Toshkent shahridagi “NEXT” savdo-ko‘ngilochar majmuasining “Fanlao laboratoriyasi”da “Jajji akademik” bolalar ilmiy-intellektual jurnalining taqdimot marosimi o‘tkazildi. Unda jurnal jamoasi, bolalar adabiyoti va san’atining namoyondalari Xudoyberdi To‘xtaboyev, Tursunboy Adashboyev, Anvar Obidjon, Shermat Yormatov va boshqalar ishtirok etdi.

“IRFON NASHR” MChJ muassisligida chop etiluvchi ushbu rangli-bezakli jurnalning shakliy-mundarijaviy asosini yosh avlodni zamon bilan hamnafas tarzda ma’nan yetuk, aqlan barkamol va bilimdon qilib tarbiyalashga qaratilgan rang-barang hamda qiziqarli materiallar tashkil etadi. Jajji jurnalxon intellektual saviyani oshirishga yo‘naltirilgan turli qiziqarli maqolalar, xabarlar, zamonaviy ertaklar, she’rlar, sovrinli tanlovlar bilan muntazam tanishib borish imkoniga ega bo‘ladi.

Jurnalning mundarijaviy o‘ziga xosliklari sifatida esa quyidagilarni sanab o‘tish mumkin:

– soha mutaxassislari bilan hamkorlikda tayorlangan, bolalarning ingliz tili, rus tili kabi chet tillarini o‘rganishiga yo‘naltirilgan maxsus sahifalar;

– Vatanimiz va dunyo miqyosida turli sohalarda ko‘plab yutuqlarni qo‘lga kiritgan vunderkind bolalar bilan yaqindan tanishtirib boruvchi materiallar;

– rivojlangan xorijiy davlatlar ta’lim tizimi haqida chet elda o‘qib, ta’lim olayotgan bolalar tilidan taassurotlar;

– ota-bobolarimizdan meros qadriyat va an’analarga hurmat ruhini tarbiyalashga qaratilgan maxsus sahifalar;

– taraqqiyot yutuqlari bilan yaqindan tanishtirishga yo‘naltirilgan zamonaviy ertaklar;

– zamonaviy bolalarning xohish-istaklari, orzu-umidlari ifodalangan turli so‘rovnomalar;

– jahon va o‘zbek bolalar adabiyoti durdonalari bilan tanishtirib, ma’naviy kamolotga muhabbat uyg‘otuvchi maqolalar;

– bola kundalik hayoti bilan bog‘liq bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan zavod-fabrikalardan jonli materiallar;

– turli kutubxonalar, ma’naviyat-ma’rifat markazlari bilan hamkorlikda tayyorlangan maqolalar.

“Jajji akademik” jurnali milliy qadriyatlar asosida ulg‘ayib zamonaviy ilm cho‘qqilarini zabt etishga bel bog‘lagan ma’nan yetuk, aqlan barkamol yosh avlodni tarbiyalashdek mas’uliyatli vazifaga har tomonlama hissa qo‘shishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.