Jahon gazetalari: kim ko‘p o‘qiydi?

O‘tgan besh yil davomida yangi nomdagi nomustaqil kundalik gazetalar dunyo bo‘yicha 8,1 foizga, mustaqil kundalik gazetalar esa 8,9 foizga o‘sdi. Agar foizlarni raqamlar bilan ifodalasak, nomustaqil kundalik gazetalar o‘sishi 7700 tani, mustaqil kundalik nashr­lar esa 7862 tani tashkil qiladi.

Yangi nomdagi nomustaqil gazetalarning ko‘payishi o‘tgan yilda oldingi yillardagiga nisbatan 0,3 foizga kamaygan. Mustaqil kundalik gazetalarni yildan yilga 0,06 foizga o‘sayotganini ham kuzatishimiz mumkin. Yangi nashr­larning umumiy o‘sishi Afrikada 4,5 foiz, Janubiy Amerikada 1,4 foiz, Avstraliya va Okeaniyada 1,2 foiz hisobida taqsimlanadi. Lekin Yevropada 1,2 foiz, Shimoliy Amerikada 0,4 foiz, Osiyoda esa 0,3 foiz gazetalar ma’lum sabablarga ko‘ra o‘z faoliyatini to‘xtatdi. Shu yerda yana bir ma’lumotni aytib o‘tmoqchimiz: o‘tgan besh yilda jahon miqyosida faqat nomustaqil kundalik nashrlar tiraji 28 foizga oshgan. Qolgan nashrlar (haftada bir, ikki marta chiqadigan va hokazo) 54 foiz hamda yakshanba kuni chiqadigan gazetalar tiraji 36 foizga ko‘paygan. Jahondagi barcha gazetalarning tiraji o‘tgan yilda 1,21 foizga oshgan. Oxirgi besh yilda esa bu ko‘rsatkich 7,8 foizga teng keladi. Ayni vaqtda dunyoda bir kunda 464 mln. nusxa gazeta chop etiladi. Besh yil oldin esa 414 mln. kishi har kuni gazeta sotib olardi. Hozirda har kuni 439 mln.dan ko‘proq kishi kundalik nashrlarni xarid qiladi. Gazetalarni qo‘ldan qo‘lga o‘tib o‘qilishini ham inobatga olsak, har kuni 1 mld. kishi gazeta o‘qiydi.

Kim ko‘p sotadi?

Jahon gazetalari assotsiatsiyasining (JGA) tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yili gazeta sotilishi dunyo miqyosida 0,56 foizga ko‘paydi. Shu o‘rinda so‘nggi besh yilda  gazeta savdosi 6 foizga ortganini ham eslatib o‘tish lozim.

Osiyoda gazeta sotib olish boshqa qit’alardagidan sur’atliroq kechmoqda. Boshqacha qilib aytadigan bo‘lsak, osiyoliklar so‘nggi yillarda gazetani ko‘proq o‘qishmoqda. Jahonda 100 ta xaridorgir gazeta nashr qilinsa, shundan 7/10 qismi Osiyoda chop etilishi gapimizni tasdiqlaydi. Xitoy, Yaponiya va Hindiston davlatlarida bozori chaqqon gazetalar nominini 62 tagacha sanab o‘tishimiz mumkin. O‘tgan yilda gazetalarni sotilishi Osiyoda 1,7 foiz, Janubiy Amerikada 3,7 foiz, Afrikada esa 0,2 foizga o‘sdi. Yevropa, Shimoliy Amerika, Avstraliya va Okeaniyada gazeta sotib olishga ehtiyoj kamaydi. Hatto Shimoliy Amerikada tungi gazetalarning narxi arzonlashdi. Ko‘rinadiki, ko‘pchilik rivojlangan davlatlarda gazeta o‘qishga bo‘lgan talab susaygan.

Jahonda beshta yirik gazeta bozori mavjud. Birinchi o‘rinda Xitoy (96,6 mln. nusxa) tursa, ikkinchi o‘rinda Hindiston (78,7 mln. nusxa) turadi. Har kuni 69,7 mln. nusxa gazeta sotadigan kun chiqar o‘lka – Yaponiya uchinchi pog‘onadan mustahkam o‘rin olgan. Okean orti davlatida (AQSh) esa bir kunda 53,3 mln. nusxa gazeta sotiladi. Nihoyat beshinchi o‘rinni bosma OAVning vatani deb e’tirof etiladigan Germaniya (21,5 mln. nusxa) band etgan.

Reklama bozoridagi gaplar

AQSh dunyoda gazeta reklamasidan eng ko‘p daromad ko‘radigan davlat hisoblanishini bilamiz. 2005 yilda ushbu davlat gazetalarining yillik reklama daromadi 1,51 foizga oshdi. Oxirgi besh yilda esa bu ko‘rsatkich 7 foizni tashkil qiladi.

Xitoyda esa gazetalarning yillik reklama daromadi 2005 yilda 19 foizga o‘sdi. 2001 yildan buyon esa gazetadan keladigan foyda 128 foizga o‘sgan. Yevropa Ittifoqi gazeta bozorining yillik reklama daromadi o‘tgan yili 4,15 foizga oshdi. Besh yilda bu ko‘rsatkich 37,3 foizni tashkil qiladi.

Internet

Onlayn gazetalardan foydalanuvchilar 2005 yilda 8,71 foizga ko‘paydi. So‘nggi besh yil davomida 200 foizga ko‘paygani ham diqqatga sazovordir. Internet yillik reklama daromadi ham o‘sishda davom etmoqda, ya’ni 2005 yili 24 foiz. Yuqoridagi ma’lumotlardan keyin o‘tgan yili onlayn gazetalar soni 20 foizga ko‘payganligi hech kimni ajablantirmasa kerak.

Xullas, jahon gazetalar bozorida ana shunaqa gaplar.

Azim Ro‘ziyev
www.hurriyat.uz