Tashkilotchilar va faxriy mehmonlar. Foto: IPF
8 mart kuni Turkiyaning Istanbul shahrida 7-xalqaro noshirlik kasbiy uchrashuvlari anjumani (Istanbul Publishing Fellowship) boshlandi. Turkiya matbaa va nashriyotlar uyushmasi hamda Turkiya madaniyat va turizm vazirligi hamkorligida tashkil etilgan yirik anjumanda dunyoning 72 davlatidan 555 nafar mehmon qatnashmoqda.
Tadbirning ochilish marosimida so‘z olgan Xalqaro noshirlar assotsiatsiyasi vitse-prezidenti Bodur Al-Qosimiy Istanbul anjumanining ahamiyati haqida gapirib, Uzoq Sharqdan Lotin Amerikasigacha, Shimoliy Yevropadan Afrikagacha – dunyoning turli mintaqalari mutaxassislarini bir joyga jamlagan ushbu tadbirdan katta natijalar kutilayotganini ta’kidladi.
An’anaviy ravishda tashkil etilgan tadbirda ilk bor mamlakatimiz vakillari – O‘zbekiston noshirlari va kitob savdosi milliy assotsiatsiyasi, “Sharq”, G‘afur G‘ulom, “O‘zbekiston”, “Akademnashr”, “Yangi asr avlodi”, “Hilolnashr” kabi nashriyotlar, shuningdek, Prezident administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi mutasaddilari qatnashmoqda, deb xabar beradi AOKA matbuot xizmati.
O‘zbekiston vakillari. Foto: AOKA
Gibrid formatda – yuzma-yuz hamda virtual muloqot shaklida o‘tkazilayotgan tadbirda kitobxonlikni ommalashtirish, mualliflik huquqiga rioya etilishini ta’minlash, nashriyotlar, adiblar, madaniy-marifiy muassasalar, kitob savdosi bilash shug‘ullanadigan tashkilotlarning o‘zaro hamkorligini mustahkamlash kabi dolzarb masalalar muhokama qilinmoqda.
Muloqot va maslahatlashuvlar jahon noshirlik hamda poligrafiya sanoati tajribasini o‘rganish, yetakchi nashriyotlarning eng yaxshi zamonaviy kitoblar to‘plamini o‘quvchilar va xaridorlarga yetkazish, kitob mahsulotlarini yangi texnologiyalar asosida ishlab chiqarish va tarqatishga doir istiqbolli vazifalarni belgilash hamda xalqaro madaniy aloqalarni rivojlantirishga xizmat qiladi.