Maxfiy xizmatlarda parda ortida — omma nazaridan chetda bo‘lish oltin qoida hisoblanadi. Kimki bu qoidani buzsa, ya’ni o‘zini oshkor qilib qo‘ysa, shafqatsiz jazolanadi. Mamlakatning saralangan fuqarolari faoliyat yuritadigan josuslik tizimida sadoqat va vatanparvarlik eng ustuvor fazilat ekani ham sir emas. Lekin davlatlar o‘rtasida josuslik o‘yinlari kuchayib borayotgan bir paytda razvedka xizmati agentlarining boshqa mamlakat tomoniga og‘ib ketishi holatlari ham bot-bot kuzatilmoqda.
Shu kunlarda Rossiya ommaviy axborot vositalarida M16 ingliz razvedkasi agenti Antonio Alvares de Idalgo nomi juda ko‘p tilga olinyapti. Ma’lum bo‘lishicha, uzoq yillar diplomat niqobida faoliyat yuritgan josus Rossiya maxsus xizmatining bir nechta yuqori unvonli xodimlarini o‘ziga og‘dirishga muvaffaq bo‘lgan.
Bundan bir necha oy muqaddam Londonda vafot etgan Aleksandr Litvinenko o‘limi bo‘yicha Rossiya maxsus xizmatining sobiq xodimi Vyacheslav Jarko hibsga olingan edi. Tergov jarayonida nomi zikr etilgan agent xiyonat qilgani va ingliz razvedkasi foydasiga ishlagani ham fosh bo‘ldi. Rus agenti kim tomonidan tuzoqqa tushirilgani surishtirilganda esa Antonio Alvares de Idalgo nomi yuzaga chiqdi. Tekshiruvlarda aniqlanishicha, A. Alvares ish jarayonida ko‘plab soxta nomlardan foydalangan. O‘zini goh sayyoh, gohida esa diplomat deb tanishtirgan.
Alvares o‘n yillar davomida rus maxsus xizmatiga qarshi kurashda faol ishtirok etgan. Ko‘pchilik kuzatuvchilar uni ingliz razvedkasining Rossiya bo‘yicha eng yaxshi mutaxassisi deb e’tirof etishi ham tasodif emas. Ushbu agentning ism-sharifi bunga qadar ham rus josuslariga qarshi olib borilgan jinoiy ishlarda qayd etilgan.
Alvares de Idalgo 1999 yili Estoniya poytaxti Tallinda Buyuk Britaniya elchixonasining birinchi kotibi lavozimida xizmat qilib yurgan paytda zaxiradagi maxsus xizmat ofitseri Valeriy Oyamyayeni tuzoqqa tushirgan. Rossiyadan Tallinga biznes ishlari bilan kelgan sobiq razvedkachi tuzukkina mukofot evaziga qirollik foydasiga ishlay boshlagan. Unga Rossiyadagi saylovoldi holat, shuningdek, rus razvedkasi xodimlari haqida ma’lumot yig‘ish topshirilgan. V. Oyamyaye 2001 yilda qo‘lga tushgan, aybiga iqror bo‘lgan va yetti yilga ozodlikdan mahrum etilgan.
Alvares 2006 yili yana bir rus agenti podpolkovnik Sergey Skripalni ham ingliz razvedkasiga xizmat qilishga ko‘ndira olgan. Bu gal u o‘zini Pablo Miller deb tanishtirgan. Undan ham Rossiyadagi siyosiy-iqtisodiy hayotga doir axborot olingan. S. Skripal ham keyinroq fosh bo‘lib, javobgarlikka tortilgan.
So‘nggi marta Alvares-Miller rus maxsus xizmati xodimi, sobiq soliq politsiyasi ofitseri Vyacheslav Jarkoni ovlagan. Oldingi hamkasblari kabi V. Jarkoning taqdiri ham fosh bo‘lish va hibs bilan yakunlandi.
Darvoqe, 2001 yili ikki nafar ingliz fuqarosi — Robert Rayt va Lesli Braun Tallinda 2,4 million funt sterlinglik narkotik modda bilan qo‘lga tushgan. Keyinroq Britaniyada mahkamaga tortilgan jinoyatchilar tergov jarayonida ular narkokurer emas, ingliz razkedkasi josuslari ekanliklari, Pablo Miller ismli agentga axborot yetkazib turganlarini aytganlar. Lekin mazkur da’volarga qaramasdan ular ozodlikdan mahrum etilganlar.
Xullas, Antonio Alvares M16 agenti sifatida juda ko‘p o‘rinlarda asosiy qahramon vazifasini bajargan. Agent zimmasidagi vazifani muvaffaqiyatli uddalagani e’tirofga loyiqdir. Lekin uning nomi ortiqcha mashhur bo‘lib ketgani razkedka qoidasiga mos emas. Harqalay, maxfiy xizmat uchun hammaga tanilib ulgurgan xodim foydadan ko‘ra ko‘proq zarar yetkazishi turgan gap.
Abdul Sobir tayyorladi