Tog‘li Qorabog‘ mustaqil bo‘lishi haqidagi gap-so‘z aslo amalga oshmaydi. Bu haqda Ozarboyjon Prezidenti, mamlakat Oliy Bosh Qo‘mondoni Ilhom Aliyev Absheron tumanida yangi harbiy shaharcha ochilishiga bag‘ishlangan marosimdagi ma’ruzasida ta’kidlagan.
“Armaniston–Ozarboyjon o‘rtasidagi Tog‘li Qorabog‘ ziddiyatini yechishning yo‘li oson. Avvalo, Ozarboyjonning hududiy yaxlitligi tiklanishi kerak. Biz Ozarboyjon hududida ikkinchi soxta arman davlati paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaymiz. Tog‘li Qorabog‘ hech qachon mustaqil bo‘lmaydi. Birov bunga ko‘z tikayotgan bo‘lsa, bizni sodda deb o‘ylamasin. Bunga aslo yo‘l qo‘ymaymiz”, – degan Ilhom Aliyev.
Prezident Tog‘li Qorabog‘ Ozarboyjon zamini ekani va buni butun dunyo tan olishini qayd etgan.
“Tog‘li Qorabog‘ – tarixan ozarboyjon yeri. Tog‘li Qorabog‘da asrlar davomida Ozarboyjon xalqi mirishkorlik bilan kun kechirib kelgan. U yerdagi tarixiy obidalar, diniy osori atiqalar bizning qadimiy madaniyatimizdan naql etadi. Ozarboyjon xalqi XIX asrning 20-yillari Eron va Sharqiy Onado‘lidan arman aholisi Tog‘li Qoraboqqa ommaviy ravishda ko‘chirilganini yaxshi biladi. Bu mazkur hududning milliy va diniy tarkibini o‘zgartirish maqsadida amalga oshirilgan edi. Shu maqsadda XX asrning 20-yillarida Ozarboyjon hududida Tog‘li Qorabog‘ muxtor viloyati tashkil etildi. Bu inkor etib bo‘lmaydigan tarix. Adolat va tarix biz tomonimizda. Takror aytaman, bu bizning huquqimiz, bu qaytarib olishimiz kerak bo‘lgan yerimiz”, – degan Ozarboyjon yetakchisi.
Qayd etilishicha, Tog‘li Qorabog‘ muammosining yagona yechimi Armaniston tomonidan Ozarboyjon hududiy yaxlitligini tan olish va bosib olingan yerlarni tark etish sanaladi.
Ozarboyjon rahbari mamlakat armiyasi kun sayin kuchayib borayotgani va davlat hududiy yaxlitligi va chegaralari daxlsizligini himoya qilishga shay ekanini qayd etgan.
“Bizning armiya eng kuchli armiyalar sirasiga kiradi. So‘nggi yillarda armiyamizning moddiy-texnik ta’minoti sezilarli darajada yaxshilandi. Bugun har jihatdan yuqori tayyorgarlik darajasiga ega Ozarboyjon armiyasi istalgan jangovar vazifani uddalaydi”, – degan I.Aliyev.
Ozarboyjon yetakchisi 2016 yil aprel oyida qo‘shni davlat bilan bo‘lgan ziddiyatda armiya o‘z qudratini namoyish etganini ta’kidlagan.
“Aprel janglari bizning yirik harbiy g‘alabamizdir. Ko‘p yillar davomida Armaniston o‘z armiyasi mag‘lub bo‘lmasligi haqida cho‘pchaklar tarqatib keldi. Aprel janglari kimning armiyasi muzaffar ekanini ko‘rsatdi. Armaniston istamasa-da, alamli mag‘lubiyatini tan olishga majbur”, – degan I.Aliyev.
Eslatib o‘tamiz, rasmiy Boku Tog‘li Qorabog‘ va unga tutash 7 ta tuman (Ozarbayjon hududining 20 foizi) 1989-1993 yillarda Armaniston qurolli kuchlari tomonidan bosib olingan deb hisoblaydi hamda qo‘shni davlat harbiylari okkupatsiya qilingan hududdan chiqishi lozimligini talab qiladi. Armaniston esa tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasi manfaatlarini himoya qilib keladi.
Garchi 1994 yilda kelishuv imzolangan bo‘lsa-da, to‘qnashuvlar ro‘y berib turadi. Tahlilchilar tinchlik kelishuvi juda mo‘rt ekani va istalgan payt to‘qnashuv ro‘y berishi mumkinligidan xavotir bildiradi.
Rasmiy Bokuga ko‘ra, Tog‘li Qorabog‘ muammosi BMT Xavfsizlik Kengashi 1993 yil 30 aprel, 1993 yil 29 iyul va 1993 yil 14 oktyabrda qabul qilgan rezolyutsiyalar asosida tinch yo‘l bilan hal qilinishi lozim.
Sobir Salim
Shu mavzudagi maqola:
Ilhom Aliyev: “Ozarboyjon okkupatsiyaga chek qo‘yadi”. 13.11.2016