Nega uni haligacha eslashadi, u haqda yozishadi? Odatda yaxshilar haqida, o‘zlaridan «bog‘» qoldirganlar to‘g‘risida bot-bot yozishsa ham, o‘zlaridan «dog‘» qoldirgan shaxslar esga olinmay, bora-bora tarix kitoblarida tilga olinishdan nariga o‘tmaydigan holda, xalqlar xotirasidan o‘chib ketadi. Ammo, mana, qariyb bir asrdirki uni haligacha eslashadi, shaxsi yuzasidan bahslashishadi va yozishadi.
O‘tgan yilning bahor oylarida Germaniyada bir paytlar shaxsan Stalin uchun yozilgan Gitler haqidagi yangi kitob dunyo yuzini ko‘rdi. O‘tgan yilning yozida esa ushbu kitobning rus tilidagi nusxasi «Noma’lum Gitler» nomi bilan nashrdan chiqdi. Kitob Gitlerni uzoq vaqt kuzatgan va unga xizmat qilgan ikki ofitser: fyurerning kamerdineri Xaynts Linge hamda shaxsiy adyutanti Otto Gyunshe bergan ko‘rsatma va ma’lumotlar asosida yozilgan.
Suhbatdoshimiz ellik yildan ortiq vaqt davomida «o‘ta maxfiy» tamg‘asi ostida saqlangan Stalin haqidagi ma’lumotlarning mualliflaridan biri, doktor Mattias Ulem. U hozirda Moskvada ish boshlagan «Germaniya tarixi instituti»da faoliyat ko‘rsatadi.
— Gitler haqidagi bu kitobning, u to‘g‘risida chiqqan ilgarigi kitoblardan farqli jihatlari bormi?
— Bu kitob tarixiy hujjatdir. Unda, asosan, qaltis va og‘ir vaziyatlar tilga olingan. Ko‘rsatma berganlar ham o‘z ma’lumotlarining noyobligiga so‘roqqa tutganlarni, avvaliga ishontira olishmagan. Ammo ikkala tutqun ham Gitlerning hayotiga oid ma’lumotlar va u aytgan gaplarni juda aniq qilib keltirib beradilar. Biroz noaniqliklarni hisobga olmaganda, Gitler haqida e’lon qilingan boshqa ma’lumotlar bilan solishtirilsa, bunga ishonch hosil qilish mumkin.
— Germaniyada bu kitob bestseller bo‘lgan deyishadi.
— Xuddi shunday. Yigirma mingdan ortiq kitob sotildi va keng kitobxonlar e’tiborini torta oldi. Eng asosiysi, kitobda «uchinchi reyx»ga nisbatan yangicha qarashlar aks etgan. Xususan, Linge Germaniyaga qaytgandan so‘ng sobiq Sovet Ittifoqida e’lon qilingan ma’lumot va qarashlardan keskin farq qiluvchi memuarini e’lon qildi.
— Sizningcha kitob o‘ta ko‘tarinki ruhda yozilmaganmi?
— Albatta, ammo menday tarixchi uchun bu juda qiziqarli va noyob hujjatdir. Unda qarashlarning uch daraja va uch qatlami aks etgan: Linge va Gyunshening shaxsiy xotiralari, Sovet Ittifoqi bilan munosabatlar hamda «sovuq urush» boshlanishidagi ziddiyatlar.
— Uchinchi reyxning tarixini o‘rganuvchi jiddiy mutaxassislar, kitobni o‘qib u haqda yangi ma’lumotlarni oldi, deb o‘ylaysizmi?
— Ularning aytishicha, Gitlerning shaxsan o‘zi Gimlerdan olgan loyiha asosida barcha gaz kameralarini almashtirishga buyruq bergan ekan. Tarixchilar uchun bu juda muhim yangilik.
— Tarixchi sifatida bu ma’lumotlarni qaerdadir o‘qigandek bo‘layapman?
— Bu tabiiy, albatta. Axir kitobni ikkinchi jahon urushi tugagandan so‘ng uch yil o‘tiboq yozishgan. Hozir esa, urush tugaganiga oltmish yildan oshayapti.
— Balki kitobdagi ayrim ma’lumotlar ilgari e’lon qilingandir, ya’ni bu butunlay sir tutilmagan bo‘lsa kerak?
— Balki shundaydir. Lekin oltmishinchi yillarda Sovet Ittifoqi tarixchilari bilan GFR (Germaniya Federativ Respublikasi) tarixchilari Gitlerning o‘limi xususida, u o‘zini o‘zi otib o‘ldirganmi yo zahar ichganmi, degan savol ustida keskin tortishuvlar bo‘lgan. Bu orada esa Lev Bezûmenskiy bu haqdagi ayrim ma’lumotlarni e’lon qilib borgan.
— Aytingchi, shaxsan o‘zingiz ham kitobni o‘qib chiqqach, Gitler o‘zini otib o‘ldirgan, degan xulosaga ishondingizmi?
— Ha! Kitobning so‘ngso‘zidagi (bu faqatgina nemis nashrlariga xos) «Operatsiya», «Mif» bobida biz Gitlerning o‘z joniga qasd qilishiga oid ma’lumotlarni o‘qib, yanada aniq tushunchaga ega bo‘lamiz. 1946 yilda yaxshiroq kuzatish uchun Gyunshe va Lingeni Berlindagi reyxkantselyariya binosiga keltirishadi. Ular diqqat bilan Gitler joniga qasd qilgan divanni va devordagi dog‘larni ko‘rgach, uning haqiqatan ham o‘zini otib o‘ldirganligiga ishonch hosil qilishdi…
Rasul Kusherboyev tarjimasi