Ozarbayjon tashqi ishlar vazirligi 8 noyabr – G‘alaba kuni munosabati bilan bayonot berdi.
“Bugun Ozarbayjon Respublikasi xalqimiz qudrati va milliy g‘ururimiz tantanasiga aylangan, davlatimizning obro‘-e’tibori va yanada rivojlanishi nuqtai nazaridan alohida ahamiyatga ega bo‘lgan G‘alaba kunini nishonlamoqda. Armanistonning provokatsiyasiga va navbatdagi harbiy tajovuziga javoban, 2020 yil 27 sentyabrda boshlangan va 44 kun davom etgan vatan urushi natijasida Ozarbayjon o‘z yerlarini ishg‘oldan ozod qildi, BMT Xavfsizlik kengashining tegishli qarorlari, shuningdek, boshqa xalqaro tashkilotlarning ko‘plab qaror va rezolyutsiyalari talablariga muvofiq, Ozarbayjonning xalqaro chegaralar doirasida hududiy yaxlitligi ta’minlandi, bir millionga yaqin ozarbayjonlik majburiy ko‘chkinlarning o‘z qadrdon uylarida yashash huquqi tiklandi”, – deyiladi bayonotda.
Qayd etilishicha, 44 kun davom etgan harbiy harakatlar natijasida muzaffar bosh qo‘mondon, prezident Ilhom Aliyev rahbarligidagi armiya Jabroil, Fuzuliy, Zangilan, Qubadli shaharlarini, 300 dan ortiq aholi punktini, jumladan, Ozarbayjon xalqi tarixi va madaniyatida alohida o‘rin tutadigan Shusha shahrini ishg‘oldan ozod qildi. 2020 yil 10 noyabrda Ozarbayjon, Rossiya va Armaniston rahbarlari tomonidan imzolangan uch tomonlama kelishuv bilan harbiy harakatlar to‘xtatildi. Mojaro harbiy-siyosiy yo‘l bilan hal qilindi.
“Urushdan keyin Ozarbayjon oldida ozod qilingan hududlarni qayta qurish va tiklash, bu hududlarni minalardan tozalash kabi muhim vazifa turibdi. Bu sa’y-harakatlar o‘nlab yillar davomida asosiy huquqlari poymol etilgan ozarbayjonlik majburiy ko‘chkinlarning o‘z uylariga xavfsiz va munosib tarzda qaytishini ta’minlashga asoslanadi. Ozarbayjon vaqt, moliyaviy va jiddiy harakat talab qiladigan bu jarayonda yolg‘iz emas, ozod etilgan hududlarni tiklashda biz bilan do‘st va hamkor davlatlar ishtirok etmoqda. Kelgusi yillarda biz dastlabki ko‘chkinlarning o‘z uylariga qaytishiga guvoh bo‘lamiz”, – deb hisoblaydi TIV.
Ta’kidlanishicha, qariyb 30 yildan buyon davom etgan agressiya siyosati doirasida sodir etilgan noqonuniy faoliyat va xalqaro huquq buzilishlarida aybdorlari javobgarlikka tortilishi uchun Ozarbayjonga tomonidan tegishli qadamlar qo‘yildi.
“Ozarbayjon kelajagini ko‘rish strategiyasining asosi barqaror tinchlik, taraqqiyot va ravnaqni ta’minlashdan iborat. Ozarbayjon o‘z hududlarini bosib olish omilini bartaraf etgan holda, Armaniston bilan munosabatlarni xalqaro huquq tamoyillariga, xususan, suverenitet, hududiy yaxlitlik, xalqaro chegaralarning daxlsizligi tamoyillariga qat’iy rioya qilgan holda normallashtirishga tayyor. Hozirgi bosqichda mintaqada kelajakda tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash uchun uch tomonlama bayonotlarni to‘liq amalga oshirish muhim ahamiyatga ega. Ozarbayjon esa bu yo‘nalishda qo‘yilgan qadamlar Armaniston tomonidan hamjihatlikni kutmoqda”, – deyiladi rasmiy Boku bayonotida.
Qayd etilishicha, mojaro tugashi bilan Janubiy Kavkaz mintaqasida yangi haqiqatlar vujudga keladi va bu haqiqatlarni hamma qabul qilishi kerak.
“8 noyabr – G‘alaba kuni xalqaro huquq va adolat bayrami bo‘lib, Ozarbayjon xalqi tarixida shonli sahifani tashkil etadi. Ushbu qutlug‘ kunda Ozarbayjonning mustaqilligi, suvereniteti va yaxlitligi uchun jon bergan barcha shahidlarimizning aziz xotirasini chuqur hurmat va ehtirom bilan yodga olamiz”, – deb yakunlanadi bayonot.