2022 yil 19 iyun kuni Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz shahrida, BMT Taraqqiyot dasturi Evropa va MDH bo‘yicha Mintaqaviy byurosi direktorining o‘rinbosari Marina Uolter xonim ishtirokida Hisor davlat qo‘riqxonasining interaktiv tashrif markazi ochilishi marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Jusipbek Kazbekov, Shahrisabz shahri hokimi Akrom Sulaymonov, ekolog va jurnalistlar ishtirok etdi.
O‘zbekistonga birinchi bor rasmiy tashrif bilan kelgan Marina Uolter ochilish marosimidagi o‘zining tabrik so‘zida: “Bilim va axborot almashinuvi bo‘yicha yangi platformalar, innovatsion eksponatlar, nashrlar va mahalliy hamjamiyatlar, ayniqsa, bolalar bilan bahs-munozaralar orqali, tashrif markazi kislorod, toza suv va havoning muhim manbasi bo‘lmish Hisor mintaqasi ekotizimlarining ahamiyatini, shuningdek changlatish jarayonlari, hasharotlar populyatsiyasini nazorat qilish, oqava suvlarni qayta ishlash va boshqa muhim tabiiy jarayonlarning muhimligini yanada to‘liqroq tushunishni shakllantira oladi, deb umid qilaman”, deya qayd etdi.
Tashrif markazining bosh ko‘rgazma maydonchasida qo‘riqxonaning asosiy yovvoyi hayvonlari va faoliyat yo‘nalishlari, yovvoyi tabiat duch kelayotgan tahdidlar haqida so‘zlovchi stendlar qo‘yilgan, inspektorlar faoliyati, jumladan ilmiy xodimlar o‘tkazadigan muhim joriy tadqiqot ishlari va boshqa ko‘plab ma’lumotlar taqdim etilgan.
Tadbir davomida BMT Taraqqiyot dasturi tomonidan Ford Transit uchuvchisiz parvoz apparati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tasarrufiga topshirildi.