“Hayot-mamot masalasi” – ta’limni rivojlantirish bo‘yicha vazifalar belgilandi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 28 yanvar kuni maktab ta’limini rivojlantirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

“Mamlakat kelajagi, barcha sohalar va loyihalar muvaffaqiyati bilimli insonlarga bog‘liq. Shu bois oxirgi to‘rt yilda ta’lim sifatini yaxshilash, o‘qituvchilar mavqeini yuksaltirish bo‘yicha ko‘p ishlar qilindi. Endi mamlakatimiz yangi davrga qadam qo‘ymoqda. O‘zbekistonning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasida to‘rtinchi ustuvor yo‘nalish aynan ta’lim sohasini, inson kapitalini rivojlantirishga qaratilgan. Davlatimiz rahbari bu hayot-mamot masalasi ekanini ta’kidladi”, – deb xabar beradi Prezident matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, mamlakatimiz bo‘yicha 10 ming 130 ta maktabni isloh qilish zarur. Bu 6 milliondan ziyod o‘quvchilar, 500 mingdan ortiq muallimlar, umuman, jamiyatimizning barcha qatlamlari, har bir oilaning kelajagiga daxldor.

“Bu sohadagi islohotlarni kechiktirishga haqqimiz yo‘q. Maktab ta’limida poydevorni bugundan mustahkam qo‘yishimiz kerak. Bunga barcha e’tiborimiz va resurslarimizni safarbar qilamiz. Qiyin yo‘lni tanlayapmiz, lekin shu yo‘l muammolarni yechadi”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yig‘ilishda maktab ta’limini rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilandi. Davlatimiz rahbari yangi maktablar va mavjudlarida qo‘shimcha binolar qurish orqali quvvatlarni oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Endi bu ishlar bilan viloyat, shahar va tuman hokimlari shug‘ullanishi ta’kidlandi. Davlat tomonidan ajratiladigan mablag‘dan tashqari mahalliy byudjet tushumlarining ham bir qismi maktablarga yo‘naltiriladi.