«Hilol-nashr» nashriyot-matbaa majmuasida Abu Abdulloh Muhammad Hakim Termiziyning «Saraxs ahli so‘ragan masalalar. Kasbning bayoni» nomli kitoblari taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Ushbu ikki risola Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahulloh tarjimasida chop etildi.
Taqdimot marosimida nashriyot rahbari Ismoil Muhammad Sodiq va Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Xayrulloh Turmatov ushbu kitob va uning tarjimasi haqida batafsil ma’lumot berdilar.
«Saraxs ahli so‘ragan masalalar» (ikkinchi nomi “Muridlar odobi”) risolasini Abu Abdulloh Muhammad Hakim Termiziy Turkmanistonning Saraxs shahri aholisi so‘ragan masalalar asosida ta’lif etgan. Bu kitob savol-javob uslubida yozilgan bo‘lib, tasavvuf va axloq borasidagi 21 ta masalaga javob berilgan.
Hakim Termiziyning «Kasbning bayoni» risolasi ham hozirgi davrda ham dolzarb bo‘lgan masalalar bayon qilingan. Musulmonlar orasida juda ko‘p bahslarga sabab bo‘lgan kasb va rizq masalasiga ushbu kitobda mufassal javob berilgan.