Gurbanguli Berdimuhamedov: “Turkmanistonning betaraflik maqomi hamkorlik uchun yangi ufqlar ochadi”

12 dekabr kuni Turkmaniston Betaraflik xalqaro huquqiy maqomini olganiga 21 yil to‘ldi. Mazkur sana mamlakatda keng tantana qilindi, deb xabar beradi Turkmaniston davlat axborot agentligi. Xususan, poytaxt Ashxabodda Prezident Gurbanguli Berdimuhamedov ishtirokida Betaraflik monumentiga gulchambar qo‘yish marosimi bo‘lib o‘tdi. Marosimda mamlakat hukumati va parlamenti a’zolari, xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar diplomatik korpus vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.

12 dekabr – Betaraflik kuni munosabati bilan Prezident Gurbanguli Berdimuhamedov Turkmaniston xalqiga tabrik yo‘lladi. Tabrikda mazkur tarixiy sana asrlar davomida do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlariga sodiq bo‘lib kelgan mamlakat nufuzini yanada oshirish, o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada oshirishga xizmat qilishi ta’kidlanadi.

Davlat rahbari yaqinda Ashxabodda BMT shafeligida Barqaror transport tizimi bo‘yicha global anjuman bo‘lib o‘tgani, Osiyo xalqaro temiryo‘l transport koridorining muhim bo‘g‘ini ochilgani hamda Turkmanistonning Energetika xartiya raisligiga saylanganini mamlakat nufuzi va betaraflik maqomining yana bir xalqaro e’tirofi sifatida qabul qilish lozimligini qayd etadi.

“Biz BMT, Yevropa Ittifoqi, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti, YeXHT, Qo‘shilmaslik harakati, Islom Hamkorlik Tashkiloti kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar, shuningdek, sayyoramizning ko‘plab davlatlari bilan siyosiy, iqtisodiy va madaniy aloqalarni chuqurlashtirish va mustahkamlashga katta e’tibor bermoqdamiz”, –  deb ta’kidlaydi Turkmaniston Prezidenti.

Mamlakat rahbariga ko‘ra, bu borada betaraflik maqomi hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda va hamkorlikning yangi ufqlarini ochishga xizmat qilmoqda.

“Turkmaniston bundan keyin ham betaraflik maqomiga sodiq qolgan holda, nainki milliy manfaatlar, shuningdek, dunyo hamjamiyati manfaatlariga uyg‘un, jahon tinchligi, barqarorligi va farovonligiga qaratilgan do‘stlik, ezgulik va keng qamrovli xalqaro hamkorlik siyosatini izchil davom ettiradi”, – deya xulosa qiladi G.Berdimuhamedova o‘z tabrigida.

Eslatib o‘tamiz. BMT Bosh Assambleyasi 1995 yil 12 dekabrdagi 50-yubiley sessiyasida Turkmanistonning doimiy betarafligi xususida rezolyutsiya qabul qildi. Betaraflik maqomi Turkmanistonga xalqaro munosabatlarning mustaqil sub’ekti sifatida milliy manfaatlarni ro‘yobga chiqarishning samarali yo‘llarini topish imkonini berdi. Kuzatuvchilarga ko‘ra, Turkmanistonning betaraflik modeli mintaqaviy baqarorlik va xalqaro tsivilizatsion muloqotga ham ko‘mak bermoqda. Alohida mamlakatlar hamda xalqaro tashkilotlar bilan ikki tomonlama va ko‘p tomonlama hamkorlik tufayli rasmiy Ashxabod BMT tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda. Bunga dalil sifatida BMT Bosh Assambleyasining 2015 yil 3 iyundagi 69-sessiyasida Turkmanistonning doimiy betarafligi xususida yana bir rezolyutsiya qabul qilinganini qayd etish mumkin.

Sobir Salim