Olmon ijodkorlari suratga olgan “Chig‘anoqlar malikasi” nomli ovozsiz kinokomediya durdonasi 19-20 dekabr kunlari Jizzax va Guliston shaharlarida tomoshabinlar e’tiboriga havola etiladi. Bu haqda Germaniya Federativ Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi matbuot xizmati xabar beradi.
Mazkur film 2013 yili Toshkent va Farg‘ona vodiysida katta muvaffaqiyat bilan namoyish etilgani bois Germaniya elchixonasi mazkur loyihani davom ettirishga qaror qilgan.
“Chig‘anoqlar malikasi” kinokomediyasi Jizzax viloyati musiqali drama va komediya teatrida 19 dekabr kuni soat 16.00 da, Guliston shahri 1-sonli bolalar musiqa va san’at maktabida esa 20 dekabr kuni soat 15.00 da namoyish etiladi.
“So‘g‘diyona” orkestri o‘zbek milliy cholg‘ularida filmga jo‘r bo‘ladi. Orkestr dirijyori va badiiy rahbari, professor Feruza Abdurahimova sozandalar bilan birgalikda musiqiy kompozitsiyalar tanlab, orkestr uchun betakror yangi asar yozgan.
Film-kontsertga kirish bepul.
Mazkur film-kontsertni Germaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasi va “So‘g‘diyona” orkestri o‘rtasidagi ijodiy hamkorlik samarasi, umuman, ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy hamkorlikning yorqin namunasi deb baholash mumkin.
“Chig‘anoqlar malikasi” filmini berlinlik taniqli rejissyor Ernst Lyubich suratga olgan. Kartina 1919 yili Berlin shahridagi Kurfyurstendamm kinoteatrida ilk bor namoyish etilgan.
Ernst Lyubich (1892–1947) tragik va satirik ohanglarga boy komedik filmlar suratga olgan atoqli olmon rejissyori hisoblanadi. 1922 yilda Hollivudga ketgunga qadar u qisqa muddat Germaniyada ijodiy faoliyat yuritgan.