Frantsiya taraqqiyot agentligi va Yevropa Ittifoqi Samarqandda yangi loyiha boshladi

19 yanvar kuni Samarqandda Frantsiya taraqqiyot agentligi va Yevropa Ittifoqining yangi loyihasi taqdim etildi. Samarqand hokimiyati hamkorligida amalga oshirilayotgan loyiha shaharda chiqindini qayta ishlash tizimini tubdan isloh etish va takomillashtirishga qaratilgan.

Loyihaning taqdimot marosimida Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari Olimjon Ochilov, shahar hokimi Akbar Shukurov, Frantsiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Violen de Vilmor xonim, Frantsiya taraqqiyot agentligining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Rafael Jozan, YeIning O‘zbekistondagi delegatsiyasi loyiha menejeri Elbek Xo‘jayev qatnashdi.

Yangi loyiha Samarqand shahrida jahonning eng ilg‘or tajriba va andozasiga muvofiq chiqindilarni uzoq muddatli samarali boshqarish tizimini yaratishga yo‘naltirilgan. Loyiha doirasida shaharda 200 ta chiqindi yig‘ish punkti quriladi hamda ta’mirlanadi,  bundan tashqari, 2100 ta ko‘cha konteyneri va 70 ta chiqindi yig‘ish transporti xarid qilinadi. Bu boradagi qurilish ishlari 2017-2019 yillarda amalga oshiriladi.

Loyiha doirasida qattiq maishiy chiqindilarni yig‘ish, qayta ishlash va utilizatsiya qilish jarayoni takomillashtirilib, yaxlit tizimga birlashtiriladi. Chiqindilarning atrof-muhitga zararini kamaytirish va uni saralash jarayonini yaxshilash maqsadida bioreaktor texnologiyasi kabi yangi usullar tatbiq etiladi. Bundan tashqari, loyiha doirasida aholi orasida ma’rifiy targ‘ibotni kuchaytirish ham ko‘zda tutilgan.

Ma’lumotlarga qaraganda, O‘zbekistonda har yili 100 million tonna sanoat va 35 million kubometr maishiy chiqindi hosil bo‘lmoqda. Ayni paytda chiqindini qayta ishlashning zamonaviy texnologiyasi yo‘qligi bois hududlarda 2 milliard tonna chiqindi yig‘ilib qolgan. Bu esa jiddiy ekologik oqibatlarga olib kelishi mumkin.  Frantsiya taraqqiyot agentligi va YeI O‘zbekistonda amalga oshirayotgan dastlabki loyiha iqtisodiy manfaat keltirish bilan birga, shahar ekologik muhitini yaxshilashga yordam beradi.

Eslatib o‘tamiz, 2016 yil 19 dekabr kuni Frantsiya taraqqiyot agentligi a O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida Samarqand shahrida qattiq maishiy chiqindilarni boshqarishni modernizatsiya qilishga oid 23,5 million yevrolik kredit kelishuvi imzolangan edi. Yevropa Ittifoqi tomonidan bu maqsadda 8 million yevro subsidiya taqdim etiladi. O‘shanda kredit bitimini imzolash marosimida O‘zbekiston Moliya vaziri Botir Xo‘jayev, Frantsiya taraqqiyot agentligi Osiyo davlatlari boshqarmasi rahbari Paskal Pako, Frantsiyaning O‘zbekistondagi elchisi Violen de Vilmor xonim, Frantsiya taraqqiyot agentligining O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori Rafael Jozan va YeIning O‘zbekistondagi delegatsiyasi Texnik hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Ovidiu Mik ishtirok etgan edi.

Sobir Salim