France Diplomatie saytining rus tilidagi versiyasi ishga tushdi

Raqamli diplomatiyani rivojlantirish loyihasi doirasida Frantsiya diplomatiya idorasi saytining rus tilidagi versiyasi ishga tushirildi. Endilikda dunyodagi 300 milliondan oshiq rusiyzabon aholi Frantsiyaning Yevropa va tashqi ishlar bo‘yicha vazirligi faoliyati bilan bevosita o‘z tilida tanishish imkoniga ega bo‘ladi.

Hozirga qadar France Diplomatie saytining ispan, ingliz, arab va olmon tillaridagi versiyasi ishlab kelmoqda. Saytning, shuningdek, xitoy va yapon tilidagi qisqartirilgan versiyasi ham mavjud. Shu tariqa Frantsiyaning Yevropa va tashqi ishlar bo‘yicha vazirligi dunyodagi auditoriya bilan eng ko‘p tilda muloqot olib borayotgan vazirlikka aylandi.

France Diplomatie saytining ruscha versiyasi ishga tushgani munosabati bilan Frantsiyaning Yevropa va tashqi ishlar bo‘yicha vaziri Jan-Iv Le Drian o‘quvchilarga maktub yo‘llagan.

“Ushbu sayt Frantsiya hayot tarzi xususida ma’lumot berib qolmay, bizning dunyoga munosabatimiz, xususan, diplomatik faoliyatimiz to‘g‘risida hikoya qiladi. Frantsiya dunyodagi va Yevropadagi kuchlar muvozanatiga tahdid tug‘dirayotgan jiddiy inqirozlarni hal etishga o‘z hissasini qo‘shishga intilmoqda. Oldimizda zalvorli vazifalar turibdi:  global isishga qarshi kurash jabhasida – iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Parij bitimini hayotga tatbiq etish; Caxel va zarurat mavjud bo‘lgan boshqa barcha hududlarda – terrorizm tahdidiga qarshi murosasiz kurashni davom ettirish; Yevropada – a’zo davlatlar fuqarolari orzu-umidlariga yanada mos bo‘lishi uchun Yevropani Ittifoqini Frantsiya Prezidenti Emmanyuel Makron taklif etayotgan yangi asosda isloh etish; Curiyada – dahshatli urushga barham berish va BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyalariga muvofiq barqaror siyosiy yechimni topish; nihoyat, Ukrainada – Ukraina suverenitetini tiklab, Rossiya bilan sulh sharoitini yaratgan holda, Minsk kelishuvlarini amalga oshirishga ko‘maklashish”, – deyiladi  Jan-Iv Le Drianning nomasida.

Qayd etilishicha, rasmiy Parij ushbu muammolarning har biri bo‘yicha yechimlarni taklif etadi, hamkorlar bilan birgalikda sa’y-harakat olib boradi va jahonda erkinlik, tinchlik va adolat tantana qilmog‘i uchun barcha imkoniyatlarni ishga soladi.

Frantsiya vaziriga ko‘ra, mamlakatga kelayotgan mehmonlar soni oshib bormoqda. Xususan, 2017 yilda 89 million kishi tashrif buyurgan.

Frantsiya innovatsiyalar, ijodiy tashabbuslar va maorif markaziga aylangan. Ayni paytda mamlakatda dunyoning turli mamlakatlaridan 300 mingga yaqin talaba tahsil olmoqda. YuNESKO kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar va Yevropa muassasalarining bosh qarorgohlar Frantsiyada joylashgani ham bejiz emas.