4 oktyabr kuni Bryusselda Tashqi ishlar vazirlarining “Evropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” shaklidagi 12-uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi vakolatxonasi matbuot xizmati xabar beradi.
EIning Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili, Yevropa Komissiyasi vitse-prezidenti Federika Mogerini va YeIning Xalqaro hamkorlik va taraqqiyot bo‘yicha komissari Neven Mimitsa Markaziy Osiyo davlatlari tashqi siyosat mahkamalari rahbarlari – Tojikiston Tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Aslov, Turkmaniston Tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov, Qirg‘iziston Tashqi ishlar vaziri Erlan Abdildayev, Qozog‘iston Tashqi ishlar vaziri Yerlan Idrisov hamda O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bilan uchrashuv o‘tkazdi.
“Markaziy Osiyo Yevropa va Osiyo tutashgan nuqtada joylashgan bo‘lib, u Yevropa Ittifoqi uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Aloqalarni yanada mustahkamlash uchun ham sarmoya, savdo va infrastruktura loyihalari bo‘yicha, ham fuqarolarimiz o‘rtasidagi robitalar bo‘yicha istifoda etilmagan talay imkoniyatlar mavjud”, – degan Yevropa Komissiyasi vitse-prezidenti F. Mogerini.
Suhbat davomida YeI va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga oid ko‘plab masalalar muhokama etilgan. Xususan, YeI mintaqaning barqaror iqtisodiy rivojlanishi uchun ayrim mamlakatlarga 2014-2020 yillarga mo‘ljallangan dastur doirasida 1 milliard yevro miqdorida moliyaviy yordam ajratilgani ma’lum qilingan.
Muzokaralar yakunida Tashqi ishlar vazirlarining navbatdagi uchrashuvi 2017 yil O‘zbekistonda bo‘lib o‘tishiga kelishilgan.
Shu mavzudagi maqola:
Ostonada Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo tashqi siyosat mahkamasi rahbarlari uchrashdi. 23.12.2015