22 noyabr kuni Dushanbe shahrida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Yevropa komissiyasi vitse-prezidenti, YeIning tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili Jozep Borrel hamda YeIning xalqaro hamkorlik bo‘yicha komissari Yutta Urpilaynen bilan muzokara o‘tkazdi. “Dunyo” axborot agentligi xabariga ko‘ra, tomonlar O‘zbekiston–Evropa hamkorligining dolzarb masalalari, ilgari erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishi va turli darajadagi bo‘lajak tadbirlar jadvalini muhokama qildi. Shuningdek, xalqaro va mintaqaviy siyosatga doir mavzular, jumladan, Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan ham fikr almashildi.
EIning tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili Jozep Borrel mazkur uchrashuvdan keyin “Twitter”dagi rasmiy sahifasida mamnuniyat mazmunida post qoldirdi.
“Tashqi ishlar vaziri Komilov bilan yana uchrashish va Afg‘onistondagi vaziyat hamda Belarusdagi migrantlar masalasida muhokama o‘tkazganimdan mamnunman. O‘zbekistonning ayrim tranzit yo‘lovchilar uchun Minskka parvozlarni cheklaganini olqishlaymiz, odam savdosining ushbu yangi yo‘nalishini yopish borasidagi tezkor chorani qadrlaymiz”, – deb yozdi Jozep Borrel.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil 17 noyabrdan O‘zbekiston hududi orqali Iroq, Suriya, Yaman, Livan, Liviya va Afg‘oniston fuqarolari – tranzit yo‘lovchilarning Belarus Respublikasi hududiga kirishiga hamda ularga aviachiptalar sotilishiga vaqtinchalik cheklov o‘rnatildi. Bu haqda O‘zbekiston Transport vazirligi huzuridagi fuqaro aviatsiyasi agentligi matbuot xizmati xabar qildi.
“Mazkur cheklovlar Iroq, Suriya, Yaman, Livan, Liviya va Afg‘oniston davlatlarining diplomatik pasport yoki Belarus Respublikasida doimiy yashash uchun berilgan yashash guvohnomasiga ega fuqarolariga nisbatan tatbiq etilmaydi”, – deyiladi agentlik bayonotida.
Gap shundaki, YeI ayni paytda Belarus tomonini Yaqin Sharqdan kelgan migrantlar vositasida gibrid hujum qilishda ayblamoqda.