Evropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Peter Burian 19-20 yanvar kunlari rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘ldi.
Elchi Peter Burian ikki kunlik tashrif davomida O‘zbekiston hukumati va parlamenti a’zolari, shuningdek, diplomatlar, Yevropa kompaniyalari va fuqarolik jamiyati vakillari bilan uchrashdi, deb xabar beradi YeIning O‘zbekistondagi vakolatxonasi matbuot xizmati.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bilan suhbatda yuqori martabali mehmon YeIning Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili, Yevropa Komissiyasi vitse-prezidenti Federika Mogerinining Prezident Shavkat Mirziyoyevga yo‘llagan maktubini topshirgan.
Federika Mogerini o‘z maktubida Shavkat Mirziyoyevni 2016 yil 4 dekabrda o‘tgan saylovdagi g‘alabasi bilan tabriklab, YeI O‘zbekiston bilan hamkorlikni rivojlantirishga tayyorligini bildirgan.
Evropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Peter Burian O‘zbekistonning qo‘shni mamlakatlar bilan konsruktiv hamkorligi yanada kengayayotganini ijobiy baholagan. O‘zbekiston 2017 yil kuzda YeI – Markaziy Osiyo formatidagi uchrashuvlarga mezbonlik qilish istagini bildirgan. Muzokaralar asnosida YeIning maxsus vakili buning uchun A.Komilovga minnatdorlik izhor etgan.
Evropalik mehmon O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vaziri Elyor G‘aniyev bilan ham uchrashgan. Muloqot asnosida YeIning qishloq joylarni rivojlantirishga qaratilgan ko‘p million yevrolik loyihalari muhokama etilgan. Yaqinda YeI va O‘zbekiston o‘rtasidagi 1996 yilgi hamkorlik bitimiga to‘qimachilikka oid qo‘shimchalar kiritildi. Uchrashuvda mazkur huquqiy o‘zgarish paxta va to‘qimachilik mahsulotlari savdosini kengaytirishga xizmat qilishi qayd etilgan.
Evropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Peter Burian, shuningdek, Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev bilan muzokaralar o‘tkazgan.
Shu mavzudagi maqola:
Federika Mogerini: “EI – Markaziy Osiyo hamkorligida foydalanilmagan imkoniyatlar mavjud”. 06.10.2016