Evropa Ittifoqi–Markaziy Osiyo o‘rtasida o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha Samarqand konferentsiyasida ishtirok etuvchilarni ro‘yxatga olish jarayoni boshlandi.
Joriy yil 18 noyabr kuni Samarqand shahrida “Evropa Ittifoqi–Markaziy Osiyo o‘rtasida o‘zaro bog‘liqlik konferentsiyasi: Global darvoza” tadbiri bo‘lib o‘tadi. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi ko‘magida tashkil etilgan mazkur tadbir Yevropa Ittifoqining 2019 yilgi Markaziy Osiyo bo‘yicha Strategiyada belgilangan barqarorlik, farovonlik va mintaqaviy hamkorlik maqsadlari yo‘lida umumiy kontseptsiyalar bo‘yicha hududiy va mintaqalararo muloqotlar uchun platformaga aylanadi.
Samarqanddagi anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili/Evropa komissiyasi vitse-prezidenti Jozep Borrel, mintaqa tashqi ishlar vazirlari va boshqa nufuzli shaxslar ma’ruza bilan qatnashadi.
Samarqand konferentsiyasi 2021 yil 1 dekabrda qabul qilingan Yevropa Ittifoqining “Global darvoza” deb nomlangan yangi strategiyasi doirasida tashkil etiladi.
Tadbirda ishtirok etish uchun xususiy sektor, davlat idoralari mutaxassislari va ekspertlari, tadqiqotchilar va ommaviy axborot vositalari vakillari taklif etiladi. Tematik yo‘nalishlar bo‘yicha uchta asosiy panel sessiyalari raqamlashtirish, transport va logistika, energetika va suv resurslari bilan bog‘liq masalalarni qamrab oladi.
Yangi geosiyosiy kontekstning ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarini yumshatish bo‘yicha global tashabbuslar doirasida Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo davlatlari modernizatsiya, sarmoya oqimini ko‘paytirish, raqamlashtirish, mintaqada va undan tashqarida savdo uchun qulay muhit yaratish hamda transport yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish bo‘yicha sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlash uchun birgalikda ishlamoqda.
Mintaqaning umumiy tarixi va iqtisodiyoti duch kelayotgan muammolarni, shuningdek, ularning rivojlanayotgan aloqalarini hisobga olgan holda, yaqindan muvofiqlashtirilgan mintaqaviy chora-tadbirlar birgalikdagi sa’y-harakatlarni muvaffaqiyatli amalga oshirishga xizmat qiladi.
Tadbirda ishtirok etish uchun ushbu havola orqali ro‘yxatdan o‘tish mumkin.