Eron elchisi: “Mushtarak ma’naviy meros hamkorligimizni yanada kengaytirishga xizmat qiladi”

Toshkentda Eron Islom Respublikasi milliy bayrami – Islom inqilobi g‘alabasining 38 yilligi munosabati bilan qabul marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda xorijiy davlatlarning Toshkentdagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari, diplomatlar hamda O‘zbekiston ilm-fan namoyandalari jam bo‘ldi. Marosimda O‘zbekiston Respublikasi hukumati nomidan Tashqi ishlari vaziri o‘rinbosari G‘ayrat Fozilov qatnashdi.

Anjumanda Eron Islom Respublikasining yurtimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Bahman Og‘oraziy nutq so‘zlab, mamlakatlarimiz hamkorligiga yuqori baho berdi.

“Eron va O‘zbekiston munosabatlarining qadimiyligi ikki xalq madaniy va ma’naviy qadriyatlaridagi shu qadar ko‘p mushtarak jihatlarga sabab bo‘lganki, nomdor va mashhur allomalari, shoiru adiblari ikki xalq va mamlakat o‘rtasida ajralmas rishtalarni yuzaga keltirgan. Bu boy madaniyat har ikki mamlakatning mintaqa va jahon sahnidagi tub o‘zgarishlarda alohida o‘rin tutishini belgilab beribgina qolmasdan, ikki tomonlama aloqalarimiz yanada mustahkamlanishiga munosib zamin ham yaratgan”, – dedi Eron elchisi.

Qayd etilishicha, ikki mamlakat aloqalari o‘tgan yili barcha sohalarda rivojlandi. Transport, tranzit hamda iqtisodiy hamkorlikning o‘sgani o‘zaro munosabatlarni rivojlantirish uchun ulkan imkoniyatlar mavjudligidan dalolat beradi. Ushbu salohiyatdan unumli foydalanib, kelajakda ikki tomonlama hamkorlik yanada samarali natijalar berishiga umid qilish mumkin.

“Eron Islom Respublikasi iqtisodiy jihatdan jahondagi o‘n sakkizinchi mamlakat bo‘lib, o‘tgan yili iqtisodiy o‘sish sur’ati 5 foizni tashkil etgani holda xoh quruqlikda, xoh dengizda yoki fazoda bo‘lsin ilm-fan, texnologiyalar, savdo va iqtisodiyotning turli sohalarida ulkan natijalarga erishdi. Yadro energiyasini qo‘llashga oid ilmiy tadqiqotlaridagi yutuqlari tinchlik maqsadini ko‘zlashini isbotlaganidan keyin esa xalqaro sahnadagi mavqei yanada kuchaydi. Eron qo‘lga kiritgan mazkur muvafaqqiyatlarining  salmoqli qismini o‘zbekistonlik birodarlari ixtiyoriga topshirishga tayyor”, – dedi Bahman Og‘oraziy.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari G‘ayrat Fozilov va Eron elchisi Bahman Og‘oraziy

Diplomat o‘z nutqida 2016 yil 4 dekabrdagi saylovda O‘zbekiston Prezidenti sifatida saylangan Shavkat Mirziyoyev faoliyatiga ham alohida to‘xtaldi.

“Prezident Shavkat Mirziyoyev janobi oliylarining yurtni rivojlantirishga oid yondashuvi va keng qamrovli chora-tadbirlari mamlakatda, ayniqsa, savdo-iqtisodiy va tashqi aloqalarda muhim o‘zgarishlar yuz berishidan darak bermoqda. Hukumatning keng aholi qatlami tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan va qisqa muddat ichida katta jonlanish va ezgu istaklar uyg‘otgan taraqqiyotga doir sa’y-harakatlari natijasida O‘zbekiston xalqining turmush farovonligi juda tez oshadi, degan umid bor”, – dedi Bahman Og‘oraziy.

Eron diplomati o‘z nutqida rasmiy Tehron O‘zbekistonning Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashiga raisligini olqishlashini ta’kidlab, O‘zbekiston o‘z faoliyati bilan musulmon mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga hissa qo‘sha olishiga ishonch bildirdi.

Eron Prezidenti Hasan Ruhoniy

Eslatib o‘tamiz, Eron bo‘ylab Islom inqilobining 38 yilligi katta tantana qilindi. Milliy bayram munosabati bilan ko‘p ming sonli aholi poytaxt Tehron bo‘ylab marshda qatnashdi. Marsh ishtirokchilari qarshisida nutq irod qilgan Prezident Hasan Ruhoniy Eron o‘z mustaqilligi va qadriyatlariga sodiq qolishi, dushman tahdidlariga qarshi murosasiz kurashishi va mamlakat taraqqiyoti yo‘lida islohotlarni izchil davom ettirishini ta’kidladi.

Sobir Salim