Markaziy Osiyoning barqaror taraqqiyoti ko‘p jihatdan ulkan siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatga ega O‘zbekiston bilan hamkorlik darajasi va sifatiga bog‘liq. Shu bois Qozog‘iston o‘z tashqi siyosatida O‘zbekiston bilan hamkorlikka alohida e’tibor qaratadi.
Bu haqda Qozog‘iston Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Yerik Utembayev yozgan “Vaqt sinovidan o‘tgan do‘stlik” maqolasida so‘z yuritiladi.
“Qozog‘iston ham, O‘zbekiston ham Markaziy Osiyo mintaqasidagi yetakchi davlatlar bo‘lib, barcha yo‘nalishlar bo‘yicha faol hamkorlik yo‘lini tutgan. Bu borada Abadiy do‘stlik haqidagi (1998) va Strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnomalar (2013) asosiy poydevor vazifasini o‘tamoqda. Prezidentimizning 2013 yil iyun oyidagi O‘zbekistonga tashrifi nafaqat siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, suv-energetika, ekologiya, madaniy-gumanitar, harbiy-siyosiy va boshqa sohalardagi o‘zaro hamkorlikning asosiy printsiplari va ustuvor yo‘nalishlarini mustahkamlagan Strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnoma imzolangani bilan muhim, balki ikki mamlakat ichki ishlar va bojxona xizmatlari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi hujjatlar imzolangani bilan ham ahamiyatlidir”, – deb yozadi Qozog‘iston elchisi.
2016 yil 14-15 aprelida N. Nazarboyevning O‘zbekistonga navbatdagi tashrifi chog‘i ham prezidentlar xalqaro va mintaqaviy siyosatning asosiy muammolari yuzasidan pozitsiyalarini yana bir bor aniqlab oldi. Bundan tashqari, Qozog‘iston Prezidenti N.Nazarboyev ShHTning yubiley sammitida ishtirok etish uchun Toshkentga tashrif buyurdi.
“Davlat rahbarlarining muntazam uchrashuvlari xalqaro va mintaqaviy muammolarga baho berish borasida mamlakatlar pozitsiyalarini sezilarli yaqinlashtiradi. Xususan, rasmiy Toshkent 2017-2018 yillarda Qozog‘istonning BMT Xavfsizlik Kengashida muvaqqat a’zoligiga saylanish taklifini qo‘llab-quvvvatladi, Ostonada o‘tadigan YeXRO-2017 Xalqaro ko‘rgazmasida ishtirok etishga rozilik berdi, BMT Bosh Assambleyasining 70-yubiley sessiyasida Qozog‘istonning Yadro qurolidan xoli, tinchlikka erishish bo‘yicha Umumdeklaratsiyasi rezolyutsiyasini birgalikda ilgari surishni ta’minladi”, – deb yozadi elchi Ye. Utembayev.
Diplomat O‘zbekistonning birinchi Prezidenti Islom Karimovning vafotini qozog‘istonliklar chuqur qayg‘u ila qabul qilganini aytadi.
“Minglab qozog‘istonliklar chegaradan o‘tib qondosh qo‘shnilariga hamdardlik so‘zlarini bildirish uchun yana turnaqator navbatda turdi. Hozir ham chegarada tumonat odam, chunki o‘zbek xalqi irodasi bilan mamlakat Prezidenti saylandi. Nursulton Abishevich birinchilardan bo‘lib Shavkat Miromonovich Mirziyoyevni munosib g‘alaba bilan tabrikladi, Qozog‘istonga rasmiy tashrif bilan kelishga taklif etdi, istiqboldagi maqsadlarga erishishda muvaffaqiyat tiladi. Mustaqil O‘zbekiston taraqqiyotining yangi bosqichi boshlanmoqda. Qozog‘istonliklar mazkur voqea munosabati bilan yaqinlari, tanishlari va qadrdon qo‘shnilarini tabriklashga oshiqmoqda. Qolaversa, mazkur voqea yana bir tantana – Qozog‘iston Respublikasi mustaqilligining 25 yillik to‘yi bilan ulanib ketmoqda. Bayramlarda qo‘shnilar hamisha birga. Demak, chegara yana odamlar bilan gavjum bo‘ladi. Zero, mustaqillik har qanday davlatning bosh bayrami”, – deydi diplomat.
Maqolada ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar xususida ham atroflicha mulohaza yuritilgan.
“Savdo-iqtisodiy hamkorlik qardoshlik munosabatlarimizning asosidir. Bu boradagi hamkorlikni mustahkamlash yo‘lida 50 dan ziyod davlatlararo, hukumatlararo va idoralararo hujjat imzolangan. Eng muhimi, davlatlarimizning mintaqalarimiz o‘rtasidagi hamkorligini faollashtirish, mahsulot va xizmatlarni tashqi bozorga olib chiqish uchun qo‘shma korxonalar barpo etish zarur. Elchixona ham shu masala bilan shug‘ullanmoqda”, – deb yozadi Ye.Utembayev.
Qayd etilishicha, joriy yil 22 sentyabrda savdo-iqtisodiy hamkorlikni faollashtirish masalalari Qozog‘iston bosh vazirining birinchi o‘rinbosari A.Maminning O‘zbekistonga tashrifi chog‘i muhokama qilindi. Muzokaralar yakunida Qozog‘iston Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari xususida ikki tomonlama hujjat imzolandi.
7-8 oktyabr kunlari O‘zbekiston delegatsiyasining Ostonaga javob tashrifi amalga oshdi. Qozog‘iston bosh vaziri B.Sagintayevning O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari U.Ro‘ziqulov bilan uchrashuvida savdo-iqtisodiy munosabatlarning barcha yo‘nalishlari, jumladan, neftni qayta ishlash, kimyoviy tarmoqlarda hamkorlikni jadallashtirish, sarmoyaviy hamkorlikni kengaytirishga kelishib olindi.
2015 yil yakuniga ko‘ra, O‘zbekiston savdo aylanmasida Qozog‘istonning umumiy hissasi 12 foizni (Xitoy va Rossiyadan keyin) tashkil etdi. O‘zbekiston Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotiga qaraganda, 2016 yilning birinchi yarim yilida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 1,1 milliard AQSh dollariga teng bo‘lgan. 2015 yilning o‘sha davri bilan taqqoslaganda bu ko‘rsatkich 22,5 foizga qisqargan. Buni global iqtisodiyotdagi tanglik bilan izohlash mumkin. Ammo transport-logistika sohasidagi hamkorlik mazkur raqamlarni sezilarli darajada o‘zgartirishi mumkin. Qozog‘iston uchun O‘zbekistonning yirik transport loyihalari – tezkor temiryo‘l magistrallari tarmog‘i (O‘zbekistonning shimoli-g‘arbiy – janubi-g‘arbiy yo‘nalishi), Angren-Pop temir yo‘l magistrali, Qamchiq dovoni orqali avtotrassaning kengaytirilishi, Navoiy shahri aeroporti bazasidagi Xalqaro intermodal logistika markazining rivojlanishi muhim ahamiyatga ega.
“Yaqinda men Navoiy viloyatiga amaliy tashrif bilan bordim. Navoiy erkin iqtisodiy zonaci doirasida ko‘plab innovatsion korxonalar samarali faoliyat ko‘rsatmoqda. Viloyat faollari bilan uchrashuv chog‘ida Uchquduq – Qizilo‘rda temir yo‘l tarmog‘ini qurish istiqbollarini muhokama qildik. Mazkur yo‘nalish Qozog‘istonning g‘arbiy va sharqiy qismidagi mavjud temir yo‘llarini to‘ldiruvchi yaxshigina yo‘nalish bo‘lishi bilan birga, Qozog‘iston markazi, Rossiya Urali va Sibirini O‘zbekiston bilan bog‘lash imkonini beradi. Istiqbolda esa Turkmaniston, Afg‘oniston va Eronga birgalikda chiqishning real imkoniyatidir. Albatta, mazkur masala chuqur o‘rganishni talab etadi, ammo uning hayotga tatbiq etilishi ikki va ko‘p tomonlama hamkorlikning yangi qirralarini ochadi”, – deb hisoblaydi Qozog‘iston elchisi.
Ta’kidlash kerakki, o‘zbek-qozoq chegaraoldi savdosi ham birmuncha kengaydi. Ayni paytda ikki mamlakat tadbirkorlari o‘rtasida uchrashuvlar o‘tkazish yo‘lga qo‘yilgan. Jumladan, Qozog‘istonning O‘zbekistondagi elchixonasi o‘zbek tadbirkorlari va ishbilarmonlarini qozoq sheriklari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlaridan xabardor qilishga yo‘naltirilgan tadbirni tashkil etdi, shuningdek, ikki mamlakat ishbilarmon doiralarining o‘zaro tashrifini uyushtirdi. 2013-2015 yillar mobaynida qozog‘istonliklarning 3 marotaba, o‘zbek delegatsiyasining 2 marotaba o‘zaro bordi-keldisi uyushtirildi. Joriy yil boshidan beri elchixona tomonidan o‘zbek tadbirkorlarining uch marotaba, qozog‘istonlik tadbirkorlar guruhining ikki marotaba Toshkentga safari amalga oshirildi.
Diplomatga ko‘ra, davlat rahbarlari Markaziy Osiyoda suvdan adolatli foydalanish tizimi masalalarida yagona pozitsiyani tasdiqlaydi. Mazkur pozitsiya mintaqadagi barcha suv-energetika muammolarini faqat xalqaro huquqning umume’tirof etilgan normalari va mintaqadagi barcha mamlakatlarning manfaatlarini albatta hisobga olgan holda hal qilish zarurligiga asoslanadi. Daryolarning yuqori qismida qurilishi rejalashtirilayotgan har qanday gidrotexnik inshootlar BMT shafeligida xalqaro mustaqil ekspertizadan o‘tkazilishi shart hamda Amudaryo va Sirdaryoning quyi qismida joylashgan mamlakatlar bilan o‘zaro kelishib olinishi lozim.
“Geografiya bizni qo‘shnilarga, tarix – qardoshlarga, vaqt – strategik ittifoqchilarga, iqtisodiyot esa – sheriklarga aylantirgani bejiz emas. Doim shunday bo‘lib qoladi, chunki boshqacha bo‘lishi mumkin emas”, – deya xulosa qiladi Qozog‘istonning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Yerik Utembayev.
Erik Utembayev uzoq yillarda buyon Qozog‘iston davlat idoralarida faoliyat yuritib kelmoqda. O‘zbekistonga kelgunga qadar u Qozog‘istonning Eron, Belgiya, Lyuksemburg, Polsha mamlakatlaridagi elchisi, YeI va NATOdagi vakolatxonasi rahbari lavozimlarida faoliyat yuritgan. U 2016 yil apreldan Toshkentda ishlab kelmoqda.