www.ziyouz.uz va www.qadriyat.uz saytlari e’lon qilgan “Eng ibratli hayotiy hikoyalar” tanlovi yakunlandi. Tanlovga jami 57 nafar muallifning 93 ta hikoyasi kelib tushdi.
G‘oliblarni aniqlashda hikoyaning mazmuni, dolzarbligi, uning sayt va ijtimoiy sahifalarimizda ommabop bo‘lganligi, matnning badiiy xususiyatlari, e’tiborga olindi. Ulardan eng yaxshilari olim, filolog, jurnalist, yozuvchi, noshirlarlardan iborat 11 nafar ekspertlarga yuborildi. Xolislikni ta’minlash maqsadida hakamlarga hikoyaning matnigina havola qilindi (muallifi bildirilmadi). Hakamlar bergan baholar umumlashtirilib, eng yuqori o‘rinlar aniqlandi.
“Eng ibratli hayotiy hikoyalar” tanlovi g‘oliblari bilan tanishing.
1-o‘rin. “Ishq sururi” hikoyasi. Muallifi: Nigora Mannopova. Ishtirokchimizga diplom va Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahullohning 34 jildli “Hadis va hayot” to‘plami taqdim etiladi.
2-o‘rin. “Farzand — jazo emas, mukofot” hikoyasi. Muallifi: Dildora Sharipova. Ishtirokchimizga diplom va Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahullohning 4 jildli “Odoblar xazinasi” to‘plami taqdim etiladi.
3-o‘rin. “Yolg‘onning tug‘ilishi” hikoyasi. Muallifi: Orifjon Tolipov. Ishtirokchimizga diplom va “Akademnashr” nashriyoti tomonidan Cho‘lponning 4 jildli “Asarlar” to‘plami taqdim etiladi.
4-o‘rin. “Kartoshka bahona…” hikoyasi. Muallif: Alisher Alimatov. Ishtirokchimizga diplom va AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi matbuot xizmati tomonidan 80000 so‘zlik “Inglizcha-o‘zbekcha lug‘at” va 8 Gblik fleshka taqdim etiladi.
4-o‘rin. “Eng go‘zal ro‘yo” hikoyasi. Muallif: Zamira Ibrahimova. Ishtirokchimizga diplom va AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi matbuot xizmati tomonidan 80000 so‘zlik “Inglizcha-o‘zbekcha lug‘at” va 8 Gblik fleshka taqdim etiladi.
Tanlov g‘oliblaridan biri, eng keksa ishtirokchi Qudrat Do‘stmuhammad: “Menga o‘rin kerak emas, yoshlarni rag‘batlantiring” deb tayinlagani uchun ushbu ro‘yxatga kiritilmadi.
Tanlov g‘oliblariga mukofotlar yetkaziladi (Toshkent shahridan boshqa joylarga pochta orqali yuboriladi). G‘oliblardan tashkilotchilar bilan bog‘lanishlari so‘raladi.