Armaniston tashqi siyosat mahkamasi rahbarining diplomatik etikaga to‘g‘ri kelmaydigan bayonotlari Ozarboyjon bilan tinchlik muzokaralariga salbiy ta’sir etadi. Bu haqda Ozarboyjon Tashqi ishlar vaziri Elmar Mamedyorov Trend agentligiga bergan intervyusida ma’lum qilgan.
E.Mamedyorov armanistonlik hamkasbining ommaviy axborot vositalari orqali Ozarboyjon bilan munosabatlarga doir bildirgan fikrlarini tanqidiy baholagan.
“Armaniston Tashqi ishlar vazirining diplomatik etika qoidalariga nomuvofiq bayonotlari muzokaralar jarayoni mohiyatini inkor etadi. Uning haqoratomuz bayonotlari ziddiyatli xarakter kasb etmoqda. Bu kabi militaristik va agressiv bayonotlar faqat ichki auditoriyaga qaratilgan”, – degan Ozarboyjon Tashqi ishlar vaziri.
Qayd etilishicha, tuhmat va ayblov tusidagi bayonotlar mintaqada tinchlik o‘rnatish yo‘lidagi sa’y-harakatlarga salbiy ta’sir etadi.
“Bu kabi sog‘lom mantiqqa to‘g‘ri kelmaydigan, hayajonli va destruktiv bayonotlar vaziyatni battar izdan chiqarish, keskinlikni yanada kuchaytirish va oxir-oqibat muzokaralarni yo‘qqa chiqarishga sabab bo‘ladi”, – deb hisoblaydi E.Mamedyorov.
Ta’kidlanishicha, qo‘shni mamlakat rahbariyati bu tarzda siyosat yuratidigan bo‘lsa, ixtilofni bartaraf etib, barqarorlik o‘rnatish juda mushkul kechadi.
“Arman xalqi va xalqaro hamjamiyat Armaniston rahbariyatining bunday xatti-harakatiga o‘zi baho berishi va xulosa chiqarishi lozim”, – degan Ozarboyjon tashqi siyosat mahkamasi yetakchisi.
Eslatib o‘tamiz, rasmiy Boku Tog‘li Qorabog‘ va unga tutash 7 ta tuman (Ozarbayjon hududining 20 foizi) Armaniston qurolli kuchlari tomonidan bosib olingan deb hisoblaydi hamda qo‘shni davlat harbiylari okkupatsiya qilingan hududdan chiqishi lozimligini talab qiladi. Armaniston esa tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasi manfaatlarini himoya qilib keladi.
Garchi 1994 yilda kelishuv imzolangan bo‘lsa-da, to‘qnashuvlar ro‘y berib turadi. Tahlilchilar tinchlik kelishuvi juda mo‘rt ekani va istalgan payt to‘qnashuv ro‘y berishi mumkinligidan xavotir bildiradi.
Rasmiy Bokuga ko‘ra, Tog‘li Qorabog‘ muammosi BMT Xavfsizlik Kengashi 1993 yil 30 aprel, 1993 yil 29 iyul va 1993 yil 14 oktyabrda qabul qilgan rezolyutsiyalar asosida tinch yo‘l bilan hal qilinishi lozim.
S.Salim
Shu mavzudagi maqola:
Ozarboyjon Tashqi ishlar vaziri: Islomofobiyaga qarshi kurashni kuchaytirish lozim. 19.10.2016