Elmar Mamedyorov: “Armaniston bilan Tog‘li Qorabog‘ bo‘yicha muzokaralar hozircha to‘xtatildi”

Ozarboyjon Armaniston bilan Tog‘li Qorabog‘ bo‘yicha muzokaralarni hozircha to‘xtatadi. Bu haqda Ozarboyjon Tashqi ishlar vaziri Elmar Mamedyorov Rossiya TIV Diplomatiya akademiyasidagi chiqishida ma’lum qilgan.

E.Mamedyorov Armanistonda joriy yil 2 aprel kunii o‘tadigan parlament saylovidan keyin muzokaralar boshlanishini aytgan.

“Mana, 30 yilki, Ozarboyjon va Armaniston ushbu muammo bilan ro‘baro‘ kelmoqda. Kecha biz Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan Tog‘li Qorabog‘ ziddiyatini bartaraf etish yo‘llarini muhokama qildik. Bu masala nafaqat biz – Tashqi ishlar vazirlari, balki Ozarboyjon va Rossiya davlat rahbarlari uchrashuvida ham muhokama etiladi”, – degan E.Mamedyorov.

Ozarboyjon Tashqi ishlar vaziriga ko‘ra, ziddiyatni hal etish uchun Armaniston siyosiy irodasini namoyish etishi lozim.

“Ziddiyatni bartaraf etish bilan mashg‘ul tomonlar muammoning ildizini yaxshi biladi. Ixtilofni hal etish uchun birinchi navbatda Armaniston bosib olingan hududlardan o‘z qo‘shinini olib chiqishi va mintaqada xavfsizlik ta’minlanishi lozim. So‘ngra majburan ko‘chirilgan ozarboyjonliklar o‘z ona yeriga qaytarilishi kerak. Kommunikatsiya va temir yo‘l tarmoqlarini tiklash lozim. Bularning bari mintaqaning iqtisodiy taraqqiyotiga xizmat qiladi. Keyin esa Tog‘li Qorabog‘ maqomi bilan bog‘liq masalani ko‘rib chiqish lozim”, – degan Ozarboyjon TIV E.Mamedyorov.

Ikki mamlakat qo‘shini to‘qnashgan front chizig‘idagi taranglik haqida gapirarkan, E.Mamedyorov Armaniston qo‘shinlari okkupatsiya qilingan yerlarni tark etishi sharti bilan bu borada monitoring o‘tkazishni taklif qilgan.

Eslatib o‘tamiz, rasmiy Boku Tog‘li Qorabog‘ va unga tutash 7 ta tuman (Ozarbayjon hududining 20 foizi) Armaniston qurolli kuchlari tomonidan bosib olingan deb hisoblaydi hamda qo‘shni davlat harbiylari okkupatsiya qilingan hududdan chiqishi lozimligini talab qiladi. Armaniston esa tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasi manfaatlarini himoya qilib keladi.

Garchi 1994 yilda kelishuv imzolangan bo‘lsa-da, to‘qnashuvlar ro‘y berib turadi. Tahlilchilar tinchlik kelishuvi juda mo‘rt ekani va istalgan payt to‘qnashuv ro‘y berishi mumkinligidan xavotir bildiradi.

Rasmiy Bokuga ko‘ra, Tog‘li Qorabog‘ muammosi BMT Xavfsizlik Kengashi 1993 yil 30 aprel, 1993 yil 29 iyul va 1993 yil 14 oktyabrda qabul qilgan rezolyutsiyalar asosida tinch yo‘l bilan hal qilinishi lozim.

S.Salim

Shu mavzudagi maqola:

Elmar Mamedyorov: “Haqiqatdan yiroq bayonotlar tinchlik muzokaralarini yo‘qqa chiqaradi”. 04.02.2017