Finlyandiyalik diplomat Teri Hakala Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili etib tayinlandi. Yevropa Ittifoqi Kengashining tegishli qarori ko‘ra, u joriy yil 1 iyuldan o‘z vazifasini bajarishga kirishadi. Bu haqda YeIning O‘zbekistondagi vakolatxonasi matbuot xizmati xabar berdi.
Ayni paytda YeIning mintaqa davlatlari bilan hamkorligi xavfsizlik, qonun ustuvorligi, atrof-muhit, suv resurslari, iqlim o‘zgarishi, ta’lim, ayollar masalalari, inson huquqlari kabi sohalarni o‘z ichiga olgan. YeIning Markaziy Osiyo strategiyasiga muvofiq, ishbilarmonlik muhitini rivojlantirish, investitsiyalarni rag‘batlantirish hamda barqaror aloqani rivojlantirish ham muhim ahamiyat kasb etadi. Maxsus vakil mintaqa mamlakatlari bilan rasmiy Bryusselning har tomonlama hamkorligini rivojlantirishga hissa qo‘shadi.
T.Hakala ko‘p yillik diplomatlik faoliyati davomida Finlyandiya tashqi ishlar vazirligi hamda YeXHT tizimida mas’ul vazifalarni bajargan. Jumladan, Finlyandiyaning Armaniston, Ozarboyjon, Gruziya Hindiston kabi mamlakatlardagi elchisi, TIVning Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo departamenti rahbari, YeXHTning Gruziyadagi missiyasi rahbari kabi lavozimlarda ishlagan. So‘nggi yillarda esa Finlyandiya TIVda maxsus elchi vazifasini bajargan.
Evropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakil Josep Borrel rahbarligida faoliyat yuritadi va uning umumiy tashqi va xavfsizlik siyosatini amalga oshirish bo‘yicha ishlariga ko‘maklashadi.