EI–Ozarbayjon: Bryusseldagi muzokaralarda qanday masalalar muhokama etildi?

14 dekabr kuni Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev Bryusselda Yevropa ittifoqi kengashi rahbari Sharl Mishel bilan muzokaralar o‘tkazdi. Ozarbayjon rasmiy axborot agentligi xabariga ko‘ra, uchrashuvda Bryussel va Boku o‘rtasidagi hamkorlik muhokama etildi. Xususan, YeI Ozarbayjon hamda Armaniston munosabatlarini izga solishda ko‘makka tayyorligini bildirdi. Muzokaralar jarayonida Armaniston bilan chegaralarni demarkatsiya va delimitatsiya qilish masalalari ham diqqat markazida bo‘ldi.

Qayd etilishicha, Ozarbayjon YeI bilan energetika xavfsizligi sohasida teng huquqli va o‘zaro manfaatli hamkorlik qilmoqda. Bu borada hududiy yaxlitlik va ichki ishlarga aralashmaslik tamoyillariga rioya etilmoqda.

EI Armaniston bilan munosabatlarni iliqlashtirishda vositachilik qilmoqda. Buni Bryusselda YeI, Ozarbayjon prezidentlari hamda Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan ishtirokida uch tomonlama muzokara o‘tkazilgani ham tasdiqlaydi. Rasmiy Boku esa YeIning bu boradagi tashabbusiga xayrixohlik bilan qaramoqda. Xususan, prezident Ilhom Aliyev Ispaniyaning EFE nashriga bergan intervyusida YeIning chegaralarni delimitatsiya qilishdagi tashabbusini qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlagan.

“EI ko‘p narsaga qodir. Biz bu imkoniyatlardan foydalanishga tayyormiz va YeIga odil vositachi sifatida ishonch bildiramiz”, – degan I.Aliyev.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, Boku YeIdan biror bir moliyaviy ko‘mak so‘ramayapti. Bu holatni Sharl Mishel joriy yil iyul oyida Bokuga safari paytida ham tasdiqlagan. So‘nggi gaz inqirozi esa YeIning Ozarbayjon bilan hamkorlikni yanada kuchaytirishini taqozo etadi.

Sirasini aytganda, YeI urushdan keyingi munosabatlarn qayta yo‘lga qo‘yishga hissa qo‘shish istagida. Eslatib o‘tamiz, Ozarbayjon armiyasi Qorabog‘da 2020 yil 27 sentyabrdan 9 noyabrga qadar kechgan janglarda qariyb 30 yil ishg‘ol ostida bo‘lgan hududlarini qaytarib oldi. 2020 yilning 10 noyabrida Ozarbayjon, Armaniston hamda Rossiya o‘rtasida uch tomonlama bitim imzolandi. 44 kunlik urush yakunida Qorabog‘dagi 5 ta shahar, 4 ta posyolka hamda 286 ta qishloq yana Ozarbayjon tasarrufiga o‘tdi.

I.Aliyev Bryusselda uch tomonlama bitim shartlarining bajarilishini ham muhokama qilgan. Xususan, NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg bilan uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanida mazkur bitimga muvofiq Zangezur koridorini ochish lozimligini yodga solgan.

C.Calim