Latviya – O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqidagi uchinchi iqtisodiy hamkori. Mamlakatlar o‘rtasida turli jabhalarda hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Latviya Respublikasining yurtimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Edgars Bondars biz bilan suhbatda o‘zaro robitani yanada kengaytirish istiqbollari haqida so‘zlab berdi.
– XX asrda Latviya ikki bora mustaqil davlat tuzish imkoniga ega bo‘ldi. Xususan, 1918 yil 18 noyabrda bir guruh vatanparvarlarning tashabbusi bilan Latviya Respublikasi e’lon qilindi. Ushbu tarixiy hodisaga ham salkam bir asr bo‘ldi. Elchi janoblari, ayting-chi, 18 noyabr sanasi xalqingiz, xususan, yosh avlod hayotida bugun qanday o‘rin tutadi?
– 18 noyabr – Latviya tarixidagi shonli sanalardan biri. Ko‘nglida erk tuyg‘usini saqlab qola olgan vatandoshlarimiz hatto sobiq Ittifoq davrida ham ushbu sanani yashirin ravishda bayram qilgan. Mustaqillik kutilmagan tuhfa, inoyat bo‘lib tuyulishi mumkin. Vaholanki, davlatimiz unga erishish uchun olis va mashaqqatli yo‘l bosib o‘tdi.
Latviya tarixan tig‘iz jug‘rofiy mintaqada – katta saltanatlar manfaatlari kesishgan chorrahada joylashgan. XII asr oxirida yurtimiz hududida ilk davlatchilik munosabatlari paydo bo‘ldi, mahalliy qabilalar bir tug‘ ostiga birlasha boshladi. Ayni shu kezlarda Latviya zaminiga salibchilarning ham qadami yetdi. Ularga qarshi urush esa salkam yuz yilga cho‘zildi. Tarix xalqimiz irodasini yana ko‘p bora sinovdan o‘tkazdi. Keyingi asrlarda birin-ketin polyak, shved, rus, olmon qo‘shinlari yurtimizni zabt etdi. Suhbatimiz cho‘zilib ketmasin, mustamlaka davrlarda Latviya xalqiga o‘gay nazar bilan qaralgani tafsilotlariga to‘xtalmay qo‘yaqolay.
XIX asrda Yevropa bo‘ylab milliy uyg‘onish harakati keng quloch yoydi. Jumladan, Latviyada ham milliy ozodlik to‘lqini yuzaga keldi. Birinchi jahon urushidan keyin Rusiya imperiyasi tarix sahnasidan tushdi, olmon davlati parchalandi. O‘sha qaltis pallada – 1918 yil 18 noyabrda jasur millatparvarlarning tashabbusi bilan mustaqil Latviya Respublikasi tuzilgani e’lon qilindi. Tahlikali damlar edi o‘shanda. Negaki, jahon muhorabasi tugagan bo‘lsa-da, bir necha xorijiy davlat Latviya hududidan o‘z qo‘shinini olib chiqib ketmagan edi. Shu tariqa, mustaqillikni himoya qilish uchun omonsiz kurashlar kechdi. Xususan, 1919 yil 11 sentyabrda Latviyaning erksevar o‘g‘lonlari ozodlik uchun mardona jang qildi…
Ammo ikki yirik davlatning o‘zaro kelishuvi bilan 1930-yillar oxirida Latviya mustaqillikdan mahrum etildi. Mustaqillikni tiklash urinishlari esa yarim asrga cho‘zildi. 1980-yillar oxirida Latviya yo‘qotgan xazinasini qayta topdi – asrlar bo‘yi intilgan mustaqillikni qayta qo‘lga kiritdi. Latviya tarixida yorqin iz qoldirgan erksevar insonlar, ozodlik kurashchilari nomini biz hamisha ehtirom ila yodga olamiz.
– Joriy yil 12 noyabr kuni Toshkentda Iqtisodiy, sanoat va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston – Latviya hukumatlararo komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbir yakunlari xususida so‘zlab bersangiz.
– Hukumatlararo komissiya ikki davlat o‘rtasida munosabatlarni rivojlantirishda muhim mexanizm sanaladi. Men mamlakatlarimiz hamkorligini piramidaga o‘xshataman. Piramida metindek mustahkam bo‘lmog‘i uchun uning har bir uzvi, har bir qismi pishiq-puxta ekaniga e’tibor qaratish lozim. Bunga esa davlat rahbarlari darajasida ahamiyat berilmoqda. O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov 2013 yil oktyabrda Latviyaga davlat tashrifi bilan borgan. 2014 yilning mayida Latviya Prezidenti Andris Berzinsh O‘zbekistonga javob tashrifi bilan keldi. Ya’ni ikki mamlakat o‘rtasida eng yuksak doirada doimiy do‘stona fikr almashuvlar yo‘lga qo‘yilgan.
O‘zaro muloqotning mantiqiy davomi sanalgan navbatdagi hukumatlararo komissiya ham samarali o‘tdi. Latviya delegatsiyasi Toshkentda yuqori darajada qabul qilindi. Ko‘p tomonlama aloqalarni kengaytirish bo‘yicha kelishib olindi, hamkorlik istiqbollari muhokama etildi. Men O‘zbekiston tomonining o‘z salohiyatini did va mahorat bilan namoyish etishiga hamisha tan beraman. Hukumatlararo komissiya ishiga ham mamlakatingiz puxta tayyorgarlik ko‘rganini alohida ta’kidlashni istardim.
Latviya savdo-iqtisodiy yo‘nalishda O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqidagi uchinchi hamkori sanaladi. Ayni paytda yillik savdo aylanmasi 250 million AQSh dollarini tashkil etmoqda. Albatta, global moliyaviy o‘zgarishlar sababli mazkur ko‘rsatkich biroz pasaydi. Ammo ishonchim komilki, mavjud imkoniyatlardan foydalanib, kelgusida savdo aylanmasi yanada ko‘paytiriladi.
– Transport va logistika ikki davlat hamkorligining ustuvor yo‘nalishlaridan ekani sir emas. O‘zbekiston tarixan Buyuk ipak yo‘lida joylashgan. Portlar mamlakat bo‘lmish Latviya esa azaldan savdo va tijorat markazi bo‘lib kelgan. Mamlakatlarimizning bu boradagi hamkorligi qay ahvolda?
– To‘g‘ri ta’kidladingiz, transport va logistika har ikki tomon manfaatiga uyg‘un istiqbolli yo‘nalishlardir. Joriy yil 11-13 noyabr kunlari Toshkentda “Transport va logistika” deb nomlangan xalqaro ko‘rgazma bo‘lib o‘tdi. Mazkur ko‘rgazma stendlarining chorak qismi Latviya kompaniyalariga tegishli edi. Birgina mazkur raqamning o‘zi Latviya O‘zbekiston bilan ushbu yo‘nalishda yanada faol hamkorlik qilishga intilayotganini tasdiqlaydi.
Latviya transport infrastrukturasini muttasil yangilamoqda. Portlar va aviaqatnovlar kengaytirilib, temir yo‘llar tizimi zamonaviy talablar asosida isloh etilmoqda. Mohir sportchi o‘z tanasini chiniqtirish, muskullariga ishlov berish uchun muttasil mashq qilganidek, Latviya transport va logistika mutaxassislari ham tizimni takomillashtirishga intilmoqda. Latviyaning Toshkentdagi elchixonasi ham qo‘ldan kelgancha o‘zbekistonlik hamkorlarga ko‘maklashmoqda.
O‘zbekiston muhim jug‘rofiy mintaqada joylashgan bo‘lib, bu yerda qadimdan savdo aloqalari taraqqiy etgan. Ayni choqda, Latviya Yevropa darvozasi sanaladi. Latviya portlari orqali Yevropa mamlakatlariga chiqish imkoni mavjud. O‘zbekiston esa yevropalik hamkorlarga turli sifatli mahsulotlar taklif etmoqda.
– Bugun Latviya oliy ta’lim maskanlarida ko‘p sonli o‘zbekistonlik talabalar tahsil olmoqda. Ushbu jabhadagi aloqalarni qanday baholaysiz?
– O‘zbekistonlik talabalar Latviya oliy o‘quv yurtlarida o‘z o‘rniga ega. Ular Latviyada tahsil olib, Yevropa Ittifoqi darajasida diplomga ega bo‘lmoqda. O‘zbekistondan borgan yosh va bilimdon yigit-qizlar tahsil olibgina qolmay, u yerda mamlakatingiz madaniyatini ham yoymoqdalar. Ta’bir joiz bo‘lsa, ko‘p millatli Latviya jamiyatiga yangi nafas, o‘ziga xos ruh olib kirmoqdalar. Keyingi yillarda Latviyada O‘zbekiston madaniyati, san’ati va an’analariga qiziqish kuchaydi. Bunda ilmga chanqoq talaba yoshlarning ham xizmati bor, albatta.
Yurtdoshlarim o‘zbek taomlarini ayricha xush ko‘radi. Latviyaning turli shaharlarida o‘zbek restoranlari ishlab turibdi. Rigadagi markaziy bozorda esa o‘zbek nonvoyxonasi bor (darvoqe, bu Yevropadagi eng yirik usti yopiq bozor hisoblanadi). Yilning istalgan faslida boring, odamlar o‘zbek noniga turnaqator navbatda turganiga guvoh bo‘lasiz.
Mamlakatlarimiz o‘rtasida turizm ham rivojlanmoqda. Ayni paytda o‘nlab Latviya firmalari Samarqand kabi tarixiy shaharlarga sayohat uyushtirmoqda. Avvalo, ikki davlat yagona ittifoq tarkibida bo‘lgan davrlarni ko‘rgan avlodning O‘zbekistonga qiziqishi kuchli. Qolaversa, yoshlar orasida ham to‘rt ming yillik tsivilizatsiyaga ega yurtingizni o‘z ko‘zi bilan ko‘rishga ishtiyoqmandlar ko‘payib bormoqda. O‘z navbatida o‘zbekistonliklar ham Latviyaning tarixiy shaharlari, mo‘tadil iqlimi va dengizini qadrlaydi. Demak, bu sohada ham ko‘plab yirik loyihalar amalga oshirish mumkin.
– 2004 yilda Latviya Yevropa Ittifoqining tenghuquqli a’zosi bo‘ldi. Bu tarixiy voqea zamonaviy Latviya taraqqiyotida yangi sahifa ochdi. Joriy yilning birinchi yarim yilligida esa Latviya ilk bor YeI Kengashiga raislik qildi. YeI kabi nufuzli birlashmaga raislik qilish katta mas’uliyat, shunday emasmi?
– Lissabon shartnomasiga ko‘ra, raislik qiluvchi davlat YeI Kengashi faoliyatining asosiy yo‘nalishlarini belgilaydi. Latviya o‘z raislik muddatida bir talay muhim masalalar qatorida YeIning Markaziy Osiyo bilan hamkorligiga ham alohida e’tibor qaratdi. 2008 yilda YeIning Markaziy Osiyo bilan hamkorlik strategiyasi qabul qilingan edi. Latviya raislik davrida ushbu hujjatni qayta ko‘rib chiqish, sarhisob qilishni taklif etdi. Asosiy voqealar Bryussel hamda Rigada kechdi, ammo biz ham qo‘l qovushtirib o‘tirganimiz yo‘q. Xususan, O‘zbekistonda ekologik toza energiya resurslaridan samarali foydalanish, qishloq xo‘jaligi, ta’lim, transport va logistika kabi mavzularda ilmiy-amaliy seminarlar o‘tkazdik. Bu borada Latviyadan mutaxassislar taklif qildik. Mazkur seminarlar esa sanab o‘tilgan to‘rt yo‘nalish bo‘yicha doimiy muloqot va fikr almashuvlarini yo‘lga qo‘yishga xizmat qildi. Masalan, ekologik toza energiya resurslaridan foydalanish bo‘yicha seminardan keyin O‘zbekistonda ushbu yo‘nalishda faoliyat yuritayotgan Latviya kompaniyalari uyushmasini ta’sis etish g‘oyasi tug‘ildi. Ayni paytda uyushmani ro‘yxatdan o‘tkazish jarayoni ketmoqda.
Latviyalik mutaxassislar o‘zbekistonlik hamkorlarga qishloq xo‘jaligi bo‘yicha bilim va tajribalarini ham yetkazmoqda. Gap shundaki, Yevropaga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish uchun muayyan talab va standartlarga javob berish lozim. Latviya esa bu borada katta tajribaga ega. O‘zbekistonning unumdor zamini va toza havosida yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari Yevropa bozorlarida ham o‘z o‘rnini topishiga shubham yo‘q.
Ishonch yorlig‘ini topshirish paytida O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov bilan qisqa muddat suhbatlashish imkoniga ega bo‘ldim. O‘shanda u kishi “Latviya orqali Yevropaga O‘zbekistonning quyoshi taftini eksport qilish kerak”, degan edi. Bu fikrda o‘ziga xos ramziy ma’no bor.
Sobir Salim suhbatlashdi.