Meksika poytaxti hokimi Luis Sanches politsiya to‘g‘risida yangi qarorga imzo chekdi. Bunga ko‘ra, poytaxt Mexiko politsiyasida xizmat qilayotgan har bir xodim oyida kamida bitta kitob o‘qishi kerak. Mazkur talabga javob bermaydigan politsiyachilar o‘z-o‘zidan ishdan ozod etiladi.
Mexiko shahrida boshqa poytaxtlarga qaraganda jinoyatchilik darajasi ancha yuqori, chunki politsiyaning o‘zi korruptsiya botqog‘iga botgan, ko‘p hollarda qonun posbonlarining o‘zi jinoyatlarga qo‘l uradi. Buning ustiga, poytaxt politsiyasida ishlayotgan 1100 xodimnig asosiy qismi savodsiz: o‘qish-yozishni ham bilmaydi. Mexiko hokimi Luis Sanchesning so‘zlariga ko‘ra, o‘z lavozimiga noloyiq tinchlik posbonlarini kitob o‘qishga o‘rgatish orqaligina tarbiyalash mumkin.
Ayni paytda politsiyachilarni o‘qish-yozishga o‘rgatish uchun maxsus o‘quv kurslari tashkli etilmoqda. Qonun posbonlarining savodini chiqarish oson bo‘lmasligi aniq. Chunki birgina poytaxt politsiyasida ishlayotgan xodimlarning har beshtadan bittasi maktab ta’limini ham ko‘rmagan.
Mexiko hokimi tomonidan politsiyachilar majburiy tarzda o‘qishi uchun Servantesning «Don Kixot», Antuan de Sent-Ekzyuperining «Kichkina shahzoda» va Oktavio Pasaning «Yolg‘izlik labirinti» asarlarini o‘qish tavsiya etildi.
Darvoqe, shahar rahbari ayrim uddaburon xodimlar xiylalariga yo‘l qo‘ymaslik uchun maxsus guruh ham tashkil etdi. Bu guruh politsiyachilar mutolaa normasini nechog‘li to‘liq va puxta bajarayotgani tekshirib boradi. Endilikda politsiya xizmatchilari o‘zlari bilan pistolet, bronejilet, qo‘l kishani kabi o‘ta muhim aslahalar qatorida kitoblarni ham olib yurishga majburlar. Aks holda, har oyda o‘tkaziladigan imtihonlardan o‘tolmay, ishsiz qolishlari mumkin.