YuNESKO bosh qarorgohida bo‘lib o‘tgan Ijroiya kengashning 216-yig‘ilishi yakunida 64 ta hujjatlar to‘plami, jumladan, O‘zbekiston boshchiligida ilgari surilgan ikki hujjat YuNESKO “Jahon xotirasi” reestriga kiritildi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
1992 yilda YuNESKO tomonidan tashkil etilgan “Jahon xotirasi” reestri qog‘oz, audiovizual, raqamli yoki boshqa har qanday formatdagi qimmatli hujjatlar yo‘qolishining oldini olish, ularni avaylab-asrash va keng jamoatchilikka yetkazishga qaratilgan dastur hisoblanadi. Endilikda Buxoro amirligining qushbegi ma’muriyati arxivlari to‘plami hamda Mavlono kulliyoti ham ushbu ro‘yxatdan joy oldi.
Buxoro amirligining qushbegi ma’muriyati arxivlari to‘plami Markaziy Osiyo hukmdorlarining Buxorodagi eng yirik arxivlari yig‘indisidir. Unda hozirgi O‘zbekiston, Turkmaniston, Tojikiston, qisman Afg‘oniston hududida 200 yildan ortiq vaqt davomida sodir bo‘lgan tarixiy voqealar aks etgan hujjatlar o‘rin olgan. To‘plamda Buxoro amirligining Rossiya, Buyuk Britaniya, Turkiya, Eron, Afg‘oniston, Yaponiya, AQSh hamda Xiva va Qo‘qon xonliklari bilan diplomatik aloqalari haqida ham muhim ma’lumotlar bor. O‘zbekiston Markaziy davlat arxivida saqlanayotgan to‘plam arab, fors, o‘zbek chig‘atoyi, rus va boshqa tillarda yozilgan 9,5 mingga yaqin jilddan (200 mingga yaqin alohida hujjat) iborat.
Mavlono kulliyoti esa XIII asrda yashagan buyuk mutasavvif, shoir, faylasuf va ilohiyotchi olim Mavlono Jaloliddin Rumiy asarlarining to‘liq to‘plamidir.