5 noyabr kuni Buxoroning qadimiy “Ark”ida joylashgan Buxoro davlat badiiy-me’morchilik muzey-qo‘riqxonasida “Buxoro madaniyatining qayta tiklangan durdonalari” ko‘rgazmasi ochildi. Unda AQSh elchisi Jorj Krol janoblari hamda davlat badiiy-me’morchilik muzey-qo‘riqxonasi direktori Abdurashid Zakrilayev, tarixchi-arxeologlar, restavratorlar va jurnalistlar ishtirok etdi.
AQSh elchixonasi bu muzey kollektsiyasidagi badiiy buyumlarni saqlash va asrab-avaylash uchun Madaniy merosni asrash bo‘yicha elchi jamg‘armasidan 50 600 AQSh dollari miqdorida grant ajratdi. Muzey bu mablag‘ni tosh asridan to o‘rta asrlargacha tegishli bo‘lgan arxeologik badiiy buyumlarni qayta ta’mirlashga sarfladi. Badiiy buyumlar ko‘p yillar ilgari arxeologik qazilma va tadqiqotlar davomida kashf etilgan bo‘lib, ular qatoriga sopol idishlar, turli xil tangalar, shuningdek, Varahsha, Poykend, Vardanze va Uchkuloh maskanlaridan topilgan suratlar hamda Shahriston qal’asidan topilgan ko‘plab gil buyumlar kiradi.
Ushbu yodgorliklarning katta qismi Buxoro davlat badiiy-me’morchilik muzey-qo‘riqxonasi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Arxeologiya instituti va Sankt-Peterburgdagi Ermitaj davlat muzeyining ta’mirlovchi ustalari tomonidan restavratsiya qilindi.
Loyiha doirasida 732 ta buyum qayta tiklandi. Ochilish marosimida ularning bir qismi namoyish etildi.
“Buxoroning yoshi 3000 dan oshadi, bizning davlatimiz tarixi esa 200 yillik xolos. Buxoro tarixining unutilgan sahifalari AQSh o‘tmishi haqidagi axborot ko‘lamidan ko‘proqdir. Buyuk tarixiy ahamiyatga ega, qadimgi O‘zbekiston hududida yashagan xalqlarning madaniyati, kundalik turmushi va an’analarini o‘zida namoyon etuvchi Buxoroda joylashgan ushbu muzeydagi badiiy buyumlarni qayta tiklashga yordam berish biz uchun sharafdir”, – dedi ochilish marosimida elchi Krol janoblari.
Madaniy merosni asrash bo‘yicha elchi jamg‘armasi O‘zbekistonda qadimiy va tarixiy binolarni qayta tiklash, noyob qo‘lyozma va muzey kollektsiyalarini baholash va saqlab qolish, muhim ahamiyatga molik arxeologik qadamjolarni asrab-avaylash va qo‘llab-quvvatlash, an’anaviy hunarmandchilik usullarini hujjatlashtirish kabi 11 ta loyihani mablag‘ bilan ta’minlagan.