Ozarbayjonda 20 yanvar – Umumxalq motam kuni munosabati bilan davlat va jamoat tashkilotlari ishtirokida tadbirlar o‘tkazildi. Ozarbayjon rasmiy axborot agentligi xabariga ko‘ra, mamlakat prezidenti Ilhom Aliyev poytaxt Bokudagi Shahidlar xiyobonida bo‘lib, marhumlar xotirasiga hurmat bajo etgan.
1990 yilning 20 yanvarida Ozarbayjon poytaxti Bokuga sovet armiyasi jangovar qismlari kiritildi. Harbiylar Armaniston agressiyasiga qarshi namoyishga chiqqan minglab ozarbayjonliklarni shafqatsiz jazolagan.
Ma’lumotlarga qaraganda, Bokuga qo‘shin kiritilishi oqibatida 133 nafar ozarbayjonlik halok bo‘lgan, 744 nafari jarohatlangan. Qurbonlar orasida ayollar, bolalar va qariyalar ham bo‘lgan.
850 ga yaqin namoyishchi hibsga olingan, 5 kishi bedarak yo‘qolgan.
20 yanvar sanasi Ozarbayjon mustaqilligi va hududiy yaxlitligi yo‘lidagi kurash kuni sifatida tarixga kirgan.
“1990 yil 20 yanvar sanasi ozarbayjon xalqi tarixining eng fojiali, ayni choqda, qahramonlik va mardlik sahifalari sanaladi. O‘ylaymanki, biz o‘sha kunlardan qancha uzoqlashsak, uning ozarbayjon xalqi tarixidagi ahamiyatini shuncha yaxshi anglaymiz”, – degan edi mamlakat milliy yetakchisi Haydar Aliyev o‘z davrida.
20 yanvar kuni jonfido qilgan ozarbayjonliklar dafn etilgan maskanda keyinchalik Shahidlar xiyoboni bunyod etilgan.
Mazkur sana mamlakatda Umumxalq motam kuni deya e’lon qilingan.
2000 yilda mamlakatning o‘sha paytdagi rahbari Haydar Aliyev farmoni bilan halok bo‘lganlarning barchasiga “20 yanvar shahidi” faxriy unvoni berilgan.
20 yanvar sanasi munosabati bilan Ozarbayjonning O‘zbekistondagi elchixonasi hamda Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazi tomonidan Toshkentda ham tadbir tashkil etildi. Tadbirda so‘z olgan Ozarbayjon madaniyat markazi rahbari Samir Abbosov 20 yanvar kuni ro‘y bergan fojia mamlakat tarixidagi burilish nuqtalaridan biri bo‘lganini qayd etdi.
Sobir Salim