Bokuda Madaniyatlararo muloqot bo‘yicha IV jahon forumi doirasida matbuot anjumani o‘tkazildi. Ozarboyjon madaniyat va turizm vaziri Abulfas Garayev “Madaniyatlararo muloqotni kengaytirish: odam va olam xavfsizligi hamda barqaror taraqqqiyot uchun yangi imkoniyatlar” mavzusida o‘tkazilayotgan forum doirasidagi tadbirlar haqida ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, 2008 yilda Ozarboyjon Prezidenti Ilhom Aliyev madaniyatlar o‘rtasidagi muloqotni kengaytirish maqsadida “Boku protsessi” tashabbusini ilgari surgan. Ozarboyjon tomonining ushbu tashabbus bilan chiqqani bejiz emas. Turli millat va elat vakillari asrlar davomida ushbu mamlakatda totuv yashab kelmoqda. Shu ma’noda madaniyatlararo muloqotni shunchaki mafkura emas, hayotiy zarurat deyish mumkin. Bokuda o‘tayotgan jahon forumi ham “Boku protsessi” tashabbusining mantiqiy davomidir.
Madaniyat va turizm vaziri Abulfas Garayev yildan-yilga forum jug‘rofiyasi kengayib borayotgani, forum YuNESKO, BMT Sivilizatsiya alyansi, Jahon sayyohlik tashkiloti, Yevropa Kengashi va boshqa nufuzli tashkilotlar uchun muloqot platformasiga aylanganini ta’kidladi.
Aytilishicha, forum yirik madaniy loyiha sifatida yangi g‘oya va tashabbuslarni amalga oshirishga imkon beradi. Forum doirasida qirqqa yaqin turli tadbirlar tashkil etilib, ularda turli mamlakatlarning 120 ga yaqin rasmiy vakillari, 100 dan oshiq xalqaro va nodavlat tashkilotlar namoyandalari qatnashadi. Anjumanlarda jami 800 dan oshiq xorij delegatlari ishtirok etadi. Ular orasida chet ellik nufuzli mansabdorlar, xalqaro tashkilotlar rahbarlari, parlamentlar a’zolari, diplomat va olimlar bor.
Tadbir davomida Ozarboyjon Respublikasi va BMT tsivilizatsiya alyansi madaniyatlararo muloqot bo‘yicha “Boku protsessi” mukofotini e’lon qiladi.
BMTning Sivilizatsiyalar alyansi bo‘yicha oliy vakili Nosir Abdulaziz al-Nosir Ozarboyjon rahbariyatiga tadbirni tashkil etgani uchun minnatdorlik bildirdi.
“Madaniyatlararo muloqot yordamida tinchlikka erishish mumkin va “Boku protsessi” shu jihati bilan ham ahamiyatlidir. Madaniyatlararo muloqotni kengaytirish ekstremizmga qarshi kurashda ham muhim rol o‘ynaydi. Men Ozarboyjon tomoni madaniyatlararo va dinlararo muloqotga katta ahamiyat berayotganini yuqori baholayman”, – dedi Nosir Abdulaziz al-Nosir.
Tadbirda so‘z olgan YuNESKO Bosh direktorining o‘rinbosari Nada al-Nashif, BMT vakili Mario Lubetkin, Jahon sayyohlik tashkiloti bosh kotibi maslahatchisi Amr Abdulg‘affor forumning ahamiyati xususida so‘zladi.
Shu mavzudagi maqola: