Turizm dunyo iqtisodiyotining yetakchi sohalaridan biriga aylandi. Bu haqda Turkiya Bosh vaziri Binali Yildirim 16 fevral kuni Istanbulda ish boshlagan III Jahon turizm forumi (World Tourism Forum Global Meeting) ochilishidagi nutqida so‘zlagan.
Bosh vazirga ko‘ra, Turkiya hukumati turizmni shunchaki iqtisodiy taraqqiyot manbai deb bilmaydi.
“Turizm bu turli xalqlar va madaniyatlarni yaqinlashtiruvchi, xalqaro munosabatlarni mustahkamlovchi sohadir. Turizm qotib qolgan xato qarashlarni yo‘qqa chiqaradi”, – degan B.Yildirim.
Qayd etilishicha, Turkiya hukumati so‘nggi yillarda 15 mingga yaqin tarixiy yodgorliklarni restavratsiya qildi. 2002 yildagi vaziyat bilan taqqoslaganda, mamlakatdagi muzeylar soni 198 tadan 220 tagacha, aeroportlar esa 26 tadan 55 taga yetdi. Ayni paytda Istanbulda dunyodagi eng yirik bo‘lishi kutilayotgan uchinchi aeroport bunyod etilmoqda.
Bosh vazir terrorizm turizm sohasiga to‘siq bo‘la olmasligini ta’kidlar ekan, Turkiyaga safar qilish AQShga safar qilish kabi, Istanbulga sayohat qilish Parijga sayohat qilish kabi xavfsiz ekaniga urg‘u bergan.
B.Yildirim sohani rivojlantirish uchun mamlakat rahbariyati va turizm jabhasi vakillari zimmasida mas’uliyatli vazifalar turganini qayd etgan.
Turkiya Prezidenti shafeligida Istanbulda o‘tkazilayotgan Jahon turizm forumi 18 fevralga qadar davom etadi. Global anjuman tashkilotchilari orasida Turkiya Bosh vaziri devoniga qarashli Matbuot va axborot bosh boshqarmasi ham bor.
Matbuot va axborot bosh boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, turizm sohasidagi nufuzli tadbir 3 mingdan ortiq ishtirokchini bir yerga jamlagan. Jumladan, anjumanda 20 ga yaqin mamlakatning turizm vazirlari, siyosatchilar, jahon bozorda o‘z o‘rniga ega turistik kompaniyalar vakillari, sarmoyadorlar, olimlar, mutaxassislar hamda sohaga ixtisoslashgan jurnalistlar qatnashmoqda.
Tadbirda ma’ruza qiluvchi mehmonlar orasida Facebook asoschisi Mark Sukerberg, Buyuk Britaniya sobiq Tashqi ishlar vaziri Devid Milibend, Buyuk Britaniya sobiq Ichki ishlar vaziri Jek Strou, Yandeks bosh direktori va asoschisi Arkadiy Voloj kabi mashhur shaxslar ham bor.
2014 yilda tashkil etilgan Jahon turizm forumi doirasida yil davomida bitta global va uchta mintaqaviy anjuman o‘tkazilmoqda. Bu yil uchinchi bor uyushtirilayotgan forum orqali jahonda turizmning bugungi holati va ertangi istiqbolini muhokama qilish, sohadagi global texnologik yangilanish va o‘zgarishlarni ko‘rib chiqish, Turkiyaning turizm sohasidagi rivojlanishni xalqaro miqyosda tanitish va shu orqali dunyo bozorida mamlakatning o‘rnini kengaytirish maqsad qilingan.
So‘nggi paytlarda Turkiya rahbariyati turizm sohasini yanada rivojlantirishga alohida ahamiyat bermoqda. Mamlakat Madaniyat va turizm vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 2016 yilning 11 oyida Turkiyaga 24 milliondan oshiq sayyoh kelgan. Demak, bu ko‘rsatkich 2015 yildagidan 30,8 foizga oshgan. Turkiya jahonda sayyohlarni jalb etish bo‘yicha Frantsiya, AQSh, Ispaniya, Xitoy va Italiyadan keyin oltinchi o‘rinda bormoqda. Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘on esa Turkiyani yaqin muddatda bu borada sayyoramizning uchinchi davlatiga aylantirish rejasini e’lon qilgan. Turkiya yetakchisi turizm daromadini yaqin muddatda 50 milliardga, 2023 yilda esa 86 milliard dollarga yetkazish vazifasini qo‘ygan.
Sobir Salim
Shu mavzudagi maqola:
Turkiya sayyohlik bo‘yicha dunyoning uchinchi davlati bo‘ladi…mi? 04.02.2017