Yozuvchilar uyushmasida O‘zbekiston Qahramoni, atoqli adabiyotshunos olim Ibrohim G‘afurovning “Adabiyot dunyosi” deb nomlangan sakkiz jildli to‘plami taqdimotiga bag‘ishlangan ma’rifiy anjuman bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, Ibrohim G‘afurov uzoq yillardan buyon milliy adabiyotimizdagi jarayonlarni teran tahlil, tadqiq va talqin etib keladi. Badiiyatda haqqoniylik, insoniylik, adolat va milliy o‘ziga xoslik, ilmiylik va xolislik tamoyillarining namoyon bo‘lishini kuzatadi.
“Ibrohim G‘afurov oltmish besh yildan buyon adabiy jarayonning ichida. Mazkur sakkiz jildli to‘plam ham o‘zbek adabiyotidagi ana shu oltmish besh yillik ijodiy jarayonni o‘ziga qamrab olgan. Bu to‘plam juda yuksak saviyada yozilgan. Unda adabiyotdagi istagan janrni uchratish mumkin. Ustoz ijodkor qalb nozikligini kashf etgan ijodkordir”, – deydi atoqli adib Xurshid Do‘stmuhammad.
To‘plamdan muallifning adabiy-tanqidiy maqolalari, badia, mansura, esse, nasriy doston va adabiy suhbatlari o‘rin olgan.