Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘tgan o‘n besh yil ichida OITS/OIVga qarshi global kurash uchun 80 milliard dollardan ortiq mablag‘ sarfladi. Bu haqda AQShning muvaqqat ishonchli vakili Alan Meltser 1 dekabr – Xalqaro OITS qarshi kurash kuni arafasida ma’lum qilgan.
Qayd etilishicha, mazkur ko‘mak AQShning OIV va sil kasalligi bilan kurashishga qaratilgan sa’y-harakatlari hamda OITS, sil va bezgakka qarshi kurashish bo‘yicha butunjahon jamg‘armasiga qo‘shgan hissasini o‘z ichiga oladi. Natijada, bugungi kungacha 16 milliondan ortiq kishining hayoti saqlab qolindi, millionlab kishilarga OIV infektsiyasi yuqishining oldi olindi. Qolaversa, dunyo mamlakatlari OIV tarqalishini nazorat etish maqsadi sari yanada yaqinlashdi.
Vashington ushbu kasallikka qarshi kurashda Toshkentga ham ko‘mak bermoqda.
“Amerika Qo‘shma Shtatlari O‘zbekistonda bu halokatli kasallikka qarshi 2001 yildan buyon mahalliy va xalqaro hamkorlar bilan birga kurashib kelmoqda. Buning natijasida biz birgalikda ko‘plab kishilar hayotini saqlab qoldik. Qo‘shma dasturlarimiz tufayli O‘zbekistondagi yana ko‘plab kishilar bu kasallikni o‘z vaqtida aniqlash, sifatli parvarish, hayotiy zarur antiretrovirus davolanish hamda o‘z jamoalaridan ijtimoiy ko‘mak olishga muvaffaq bo‘ldi. Birgina 2017 yili O‘zbekistondagi 20 mingdan ortiq kishi Qo‘shma Shtatlar asosiy hamkor sanalgan Global jamg‘arma mexanizmi orqali antiretrovirus davolanish imkoniga ega bo‘ldi”, – deydi Alan Meltser.
AQSh dunyodagi ko‘plab hamkorlar bilan ishlab, OIV/OITSga qarshi kurash bo‘yicha harakatlarni tubdan o‘zgartirdi. YuNEYDS ma’lumotiga ko‘ra, 2004 yildagi eng yuqori ko‘rsatkichdan buyon, butun dunyoda OITS bilan bog‘liq o‘lim ikki baravarga kamaydi. 1996 yildan esa yangi OIV infektsiyalari 47 foizga qisqardi.
E’tiborga molik yana bir jihat shundaki, AQSh OIV/OITS haqidagi qotib qolgan noto‘g‘ri tasavvurlarni ham o‘zgartirishga urinmoqda.
“OIV/OITS gepatit yo sil singari bir infektsiya bo‘lib, AQSh bu kasallikni ochiq muhokama qilishga, unga chalingan bemorlar esa qo‘rquv va yo ta’qibsiz u haqda erkin gapira olishi uchun sharoit yaratishga chaqiradi. OIV va yo OITSga chalinganlarni kamsitish nafaqat inson qadr-qimmatini tahqirlash, balki ushbu pandemiyani nazorat qilishga oid global sa’y-harakatlarga ham putur yetkazish demakdir”, – deb ta’kidlaydi AQShning muvaqqat ishonchli vakili.
Qayd etilishicha, Qo‘shma Shtatlar o‘z yordamini Prezidentning OITSga qarshi favqulodda kurash rejasi (PEPRAF) orqali amalga oshiradi. Ushbu dastur doirasida 250 mingdan ortiq tibbiyot xodimlari OIV bilan bog‘liq hamda boshqa tibbiy xizmatlar ko‘rsatish va ularni takomillashtirish bo‘yicha malakasini oshirdi, hamkor mamlakatlar uchun sog‘liqni saqlashga aloqador hozirgi va kelgusi muammolarni hal kilishda mustahkam infratuzilma barpo etildi. PEPRAF tufayli OIV va OITSga qarshi kurashda zarur bo‘lgan hayotiy preparatlarni olish endilikda oson va arzon bo‘lib, u hayot sifati va ushbu infektsiyani nazorat qilishni yaxshilamoqda.
AQSh diplomatiga ko‘ra, bugun mazkur xastalikka qarshi kurashish borasida tarixiy imkoniyat tug‘ilmoqda.
“O‘n besh yil avval OITS o‘limga mahkumlikni anglatardi. Hozirgi kunda esa, zamonaviy tariximizda birinchi marta, pandemiyani vaktsina va yo davolashsiz nazorat qilgan holda, qachondir imkonsiz deb ko‘rilgan narsani amalga oshirishday tarixiy imkoniyat tug‘ildi. AQSh va uning butun dunyodagi hamkorlari shu maqsadga erishish uchun tinmay mehnat qilmoqda”, deydi A.Meltser.
1 dekabr dunyoda OITSga qarshi kurash kuni sifatida nishonlanadi. Mazkur sanada jahon bo‘ylab ushbu kasallikdan vafot etgan qariyb 39 million kishi yodga olinadi. Ma’lumotlarga qaraganda, bu kasallik yarim milliondan ortiq amerikalikning umriga zomin bo‘lgan. YuNEYDS hisobotiga ko‘ra, 2017 yilda O‘zbekistonda taxminan 1900 kishi shu kasallik tufayli vafot etgan.
Shu mavzudagi maqola:
Alan Meltser: “Diniy erkinlik himoya qilinmagan joyda ekstremizm ildiz otadi”. 30.10.2018