AQSh Maxfiy xizmati va O‘zbekiston Bosh prokuraturasi jinoyatlarga qarshi hamkorlikda kurashadi

Amerika Qo‘shma Shtatlari Maxfiy xizmati va O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti transmilliy moliyaviy jinoyatlarga qarshi hamkorlikda kurashadi. Tomonlar 15 mart kuni Toshkentda bu borada o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi. Bu haqda AQShning yurtimizdagi elchixonasi matbuot xizmati xabar beradi.

Hujjatga AQSh Maxfiy xizmati doimiy vakili Deniz Feydner va Bosh prokuratura huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti boshlig‘i Akmalxo‘ja Mavlonov imzo chekdi.

O‘zaro anglashuv memorandumi moliyaviy tekshiruvlar haqida axborot almashuvi, valyutaga oid jinoyatlar bo‘yicha tajriba va texnik ishlanmalar almashuvi, shuningdek, tomonlarni qiziqtirgan o‘zaro ishchi guruhlar va boshqa uchrashuvlar o‘tkazish tartibini ko‘zda tutadi.

“Valyutaga oid, moliyaviy jinoyatlar butun dunyoda tobora murakkab tus olayotgan tahdidga aylanmoqda. Bunday jinoyatlar yo‘liga kuchli to‘siq qo‘yish transmilliy jinoiy tashkilotlar bilan kurashishda asosiy usul sanaladi. Maxfiy xizmat xodimlari va huquq-tartibot idoralari dunyo bo‘ylab bir-birlariga yordam berishi juda muhim masala, shu sababli biz O‘zbekistonda Bosh prokuratura bilan yaqindan hamkorlik qilishni istaymiz”,– degan Deniz Feydner xonim.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi va Toshkentdagi AQSh elchixonasi xavfsizlik bo‘yicha mintaqaviy idorasi ham ushbu memorandumni tuzishga hissa qo‘shdi.

“Bu memorandum O‘zbekistondagi AQSh elchixonasining asosiy maqsadlaridan biri bo‘lgan Qo‘shma Shtatlarning transmilliy jinoiy tashkilotlarga qarshi kurashish maqsadida xavfsizlik va huquqni muhofaza qilish sohasidagi hamkorligini mustahkamlashga yordam beradi”,– degan elchixona xavfsizlik bo‘yicha mintaqaviy idorasi vakili.

Ikki davlat huquq-tartibot organlari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish moliyaviy dastak mexanizmlarini tekshirish va  ta’qib etish orqali transmilliy jinoiy tashkilotlar hamda xavfsizlik tahdidlariga qarshi turishga imkon beradi.

Valyutani qalbakilashtirishni aniqlash va uning oldini olishni asosiy maqsad qilgan AQSh Maxfiy xizmati tashkil etilganiga 150 yildan oshdi. Ayni paytda, AQSh Prezidenti va yuqori lavozimli rasmiylar xavfsizligini ta’minlashdan tashqari, Maxfiy xizmat AQSh valyutasini qalbakilashtirish, bank ishidagi firibgarlik, pochtadan va zamonaviy aloqa vositalaridan foydalanishdagi firibgarlik, noqonuniy moliyaviy opreatsiyalar va ular bilan bog‘liq kiberjinoyatchilik bo‘yicha moliyaviy tekshiruvlar olib boradi.