Bugun Toshkentda O‘zbekiston Inson huquqlari milliy markaziga odam savdosiga qarshi kurashga bag‘ishlangan qo‘llanma va adabiyotlar taqdim etildi. Mazkur marosimda AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi o‘rinbosari Daniel Rozenblum hamda AQShning O‘zbekistondagi elchisi Pamela Spratlen qatnashdi.
Tadbirda, shuningdek, BMTning migratsiya bo‘yicha agentligi koordinatori Deyan Kesherovich, AQSh Xalqaro taraqqiyot agentlining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Jon Riordan, O‘zbekiston rasmiy idoralari, jumladan, Ichki ishlar, Adliya, Mehnat va Sog‘liqni saqlash vazikliklari, Davlat bojxona qo‘mitasi hamda nodavlat notijorat tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, qo‘llanma AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi moliyaviy ko‘magida Xalqaro migratsiya tashkilotining odam savdosiga qarshi kurash bo‘yicha loyihasi ijrochisi tomonidan ishlab chiqildi. Qo‘llanmani tayyorlash jarayoni O‘zbekiston Inson huquqlari milliy markazi hamda Bosh prokuraturasi tomonidan muvofiqlashtirildi.
Tadbir asnosida Milliy markaz axborot-resurs markaziga ofis uskunalari ham taqdim etildi.
O‘zbekiston keyingi yillarda odam savdosiga qarshi kurashga oid asosiy xalqaro bitimlarni ratifikatsiya qildi hamda bu borada milliy mexanizmni yo‘lga qo‘ydi.
AQShning O‘zbekistondagi elchisi Pamela Spratlen odam savdosiga qarshi samarali kurashish uchun xalqaro miqyosda hamkorlikni mustahkamlash lozimligini ta’kidlagan. Qayd etilishicha, AQShning O‘zbekiston hukumati, Xalqaro migratsiya tashkiloti hamda O‘zbekiston NNTlari, shuningdek, boshqa donorlar bilan hamkorligi inson hurligiga daxl etuvchi ushbu mudhish jinoyatga barham berish va unga qarshi kurashga qo‘shilgan hissadir.
Eslatib o‘tamiz, 2017 yil 25 fevral kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov mamlakatimizga tashrif buyurgan AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi o‘rinbosari Daniel Rozenblumni qabul qildi.
Uchrashuvda O‘zbekiston-AQSh munosabatlari masalalari hamda xalqaro va mintaqaviy muammolar yuzasidan fikr almashildi.