AQShning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Deniyel Rozenblyum xalqimizni 21 oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuni bilan samimiy qutladi. E’tiborga molik jihati, diplomat mezbon mamlakatga ehtirom ramzi sifatida o‘zbek tilida tabrik yo‘lladi.
“Men o‘zbek tilini ozgina bo‘lsa-da o‘rganganimdan xursandman. Umid qilamanki, o‘zbek tilining ahamiyati o‘sib boradi. Men barchani o‘zbeklar bilan do‘stlashmoq uchun o‘zbek tilini o‘rganishga, shuningdek, o‘zbek madaniyati va urf-odatlarini yaxshiroq anglamoq uchun o‘zbek tilidagi kitoblarni o‘qishga chaqiraman”, – dedi elchi Deniyel Rozenblyum o‘z qutlovida.
Diplomat tabrigini hassos shoir Hamid Olimjonning “O‘zbekiston” she’ridan quyidagi parcha bilan yakunlagan:
“O‘xshashi yo‘q bu go‘zal bo‘ston,
Dostonlarda bitgan guliston –
O‘zbekiston deya atalur,
Uni sevib el tilga olur”.
Eslatib o‘tamiz, Deniyel Rozenblyum AQShning O‘zbekistondagi elchisi sifatida 2019 yil 9 may kuni qasamyodga keltirilgan. U yurtimizdagi diplomatik faoliyatining ilk pallalaridanoq ona tilimizga hurmat ko‘rsatib, bayramlarda o‘zbek tilida qutlov yo‘llamoqda, ayrim tadbirlarda o‘zbek tilida nutq so‘zlamoqda.
Nufuzli Yel hamda Jon Hopkins universitetlarini tamomlagan D.Rozenblyum Janubiy va Markaziy Osiyo mintaqalari bo‘yicha bilimdon diplomat sifatida tilga tushgan.