1 mart kuni Toshkentdagi “Next Mall” kinoteatrida Ayollar tarixi oyligi hamda Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan tashkil etilgan Amerika film festivalining ochilishi marosimi bo‘lib o‘tdi. Marosimda AQShning yurtimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Pamela Spratlen qatnashdi.
Festival davomida xotin-qizlarning jamiyat taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissasi, ularning zakovati, matonati va jasorati haqida hikoya qiluvchi filmlar namoyish etiladi.
“Bunday oliy maqsadni ko‘zlash faqat amerikalik ayollarga xos emas. O‘tgan uch yil mobaynida men bilan birga ishlagan o‘zbekistonlik xotin-qizlar ham zakovat, mardlik, ijodkorlik va qat’iyat kabi muhim insoniy fazilatlarni o‘zida namoyon etganiga guvohman”, – deb ta’kidladi elchi Spratlen xonim.
Filmlar festivali “Next Cinema”da 1 martdan boshlab Xalqaro xotin-qizlar kuni – 8 martga qadar davom etadi. Coat 10:00 dan 22:00 gacha xilma-xil olti film ko‘rsatiladi.
AQSh elchixonasi filmlarni asliyatda, ya’ni ingliz tilida tomoshabinlar e’tiboriga havola etadi. Kartinalarda aql-zakovat, jasorat va tirishqoqlik singari ilg‘or g‘oyalar hamda oliy maqsadlarni o‘zida mujassam etgan amerikalik ayollar timsoli o‘z aksini topgan.
Amerika filmlari festivali Qo‘shma Shtatlar va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasidagi madaniy aloqalarni kengaytirish, shuningdek, ingliz tilini bilish darajasini oshirishga qaratilgan. Filmlarda bosh rolni ijro etgan ayollar ilmu fan, atrof-muhitni muhofaza qilish, biznes va sanoat, ta’lim va sport sohalarida erishgan yutuqlari bilan ajralib turadi.
AQSh elchixonasi matbuot xizmatiga ko‘ra, festival jamoatchilik, talabalar va mahalliy tashkilotlar vakillari uchun ochiqdir. Barcha filmlar uchun chiptalar bepul bo‘lib, ularni Toshkent shahri Bobur ko‘chasi 6-uyda joylashgan “Next Cinema” kassalaridan olish mumkin. Bir kishi bir kunda ikkita bepul chipta olsa bo‘ladi.