Turkiyaning Anqara va Istanbul shaharlarida bir vaqtning o‘zida “Poytaxt madaniyat yo‘li” va “Beyo‘g‘lu madaniyat yo‘li” festivallari boshlandi. Turkiya madaniyat va turizm vazirligi tomonidan tashkil etilgan ikki yirik tadbir 28 maydan 12 iyungacha davom etadi.
Festivallar doirasida tashkil etiladigan 2000 dan ziyod tadbirda 6000 dan ortiq san’atkorning ishtiroki kutilmoqda. Xususan, Istanbuldagi “Beyo‘g‘li madaniyat yo‘li” festivali Otaturk madaniyat markazi oldida tashkillashtirilgan tantanali tadbir bilan boshlandi. Istanbulning maydonlari va asosiy ko‘chalarida 3 ta ochiq osmon ostidagi sahna, 15 ta ko‘cha sahnasi va 4 ta ko‘cha tadbirlari tashkil etilmoqda. Galata minorasi, Shishhane maydoni, Frantsuz ko‘chasi, Tomtom ko‘chasi, Odakule, Karako‘y parom terminali va boshqa ko‘plab joylar ochiq osmon ostidagi sahnalari bilan tomoshabinlarga manzur bo‘lmoqda.
Turkiya madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy ishtirokida Taksim maydonida mamlakatning turli burchaklaridan kelgan 1500 nafar fotosuratchi ishtirokida “Fotomarafon” ko‘rgazmasi ochildi.
Festival doirasida istanbullik san’at ixlosmandlari, bolalar va sayyohlar teatr va opera spektakllaridan tortib kino namoyishlarigacha, ochiq havodagi sahnalarda tashkil etiladigan kontsertlardan tortib rasm ko‘rgazmalarigacha bo‘lgan turli madaniy tadbirlarni tomosha qilishlari mumkin. Festival doirasida Turkiyaning va dunyoga mashhur san’atkorlarning kontsert dasturlari ham namoyish etiladi.
Cirasini aytganda, “Beyo‘g‘li madaniyat yo‘li” festivali Istanbulning butun moddiy, ma’naviy va madaniy merosini kelajak avlodlarga ko‘rsatishni maqsad qilgan loyiha sifatida adabiyot, teatr, musiqa, opera, gastronomiya, ta’lim, rassomlik, kino va boshqa madaniyat sohasi vakillarini birlashtiradi.
Anqarada bo‘lib o‘tayotgan “Poytaxt madaniyat yo‘li” festivali doirasida esa shaharning o‘ziga xos tarixi va betakror xususiyatlari 4,7 kilometrli yo‘l bo‘ylab san’at ixlosmandlariga ko‘rsatiladi. 16 kun davomida simfonik kontsertlardan raqs tomoshalarigacha, haykaltaroshlik mahorat darslaridan spektakllargacha, adabiy suhbatlardan bolalar tadbirlarigacha, ko‘rgazmalardan film namoyishlariga qadar – keng ko‘lamli madaniyat va san’at tadbirlari taqdim etiladi.
“Poytaxt madaniyat yo‘li” festivali, shuningdek, turli davrlarga oid, jumladan, respublikadan oldingi, respublika davri va yangi zamonaviy Anqarani aks ettirgan 70 dan ortiq tematik ko‘rgazmalarni o‘z ichiga oladi.
Festival doirasida Turkiya poytaxtining timsollaridan biri bo‘lgan Anqara qal’asi, noyob kollektsiyalarga ega yuz yillik Onado‘li tsivilizatsiyalari muzeyi, 400 yillik tarixga ega Hoji Bayram Valiy masjidi, Rim tsivilizatsiyasining monumental inshootlaridan Avgust ibodatxonasi, shuningdek, madaniyat va turizm vazirligi tomonidan restavratsiya qilingan Anqara rasm va haykaltaroshlik muzeyi, Etnografiya muzeyi, Ishbank muzeyi, Ziraat banki muzeyi va boshqa san’at galereyalari, tarixiy obidalar va yodgorliklar san’at ixlosmandlariga o‘z eshiklarini ochadi.