Doktor Kent Tornburg
Toshkentda ovqatlanish masalalari bo‘yicha xalqaro anjuman ochildi, deb xabar beradi AQShning yurtimizdagi elchixonasi matbuot xizmati.
Tadbir Oregon salomatlik va fan universiteti, O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vazirligi va “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi tomonidan tashkil etildi.
AQSh elchixonasi taqdim etgan grant asosida uyushtirilgan mashvaratda amerikalik tadqiqotchilar, yuqori lavozimli mulozimlar, tibbiy-o‘quv muassasalari va nodavlat notijorat tashkilotlar ovqatlanishga oid yangi bilimlarning O‘zbekiston aholisi salomatligini yaxshilashdagi ahamiyatini muhokama qildilar.
Taniqli olimlar noto‘g‘ri ovqatlanish semirish, qandli diabet, yurak kasalliklariga olib kelishiga doir eng so‘nggi tadqiqotlar natijalari bilan o‘rtoqlashdilar. Anjumanda, xususan, Bob va Charli Mur nomidagi ovqatlanish va salomatlik instituti direktori, doktor Kent Tornburg ma’ruza qildi.
“Ovqatlanish uzoq muddatli salomatlikni ta’minlashda avvalgi tushunchalarga qaraganda jiddiyroq ahamiyat kasb etmoqda. Tadqiqotlarga ko‘ra, homiladorlikdan avvalgi va homiladorlik vaqtidagi, emizish va hayotning birinchi yillaridagi ovqatlanish kattalarda surunkali kasalliklar rivojlanishi xavfini aniqlashda muhim rol o‘ynaydi”, – dedi doktor Kent Tornburg.
Umuman, sog‘lom ovqatlanishning o‘smir qizlar va tug‘ish yoshidagi ayollar uchun ahamiyatini ko‘rsatish tadbirning asosiy mavzusi bo‘ldi. Anjuman davomida britaniyalik shifokor va tadqiqotchi Devid Barkerning “Ona qornidagi homila oziqlanishi” kitobining ruscha nashri taqdimoti ham o‘tkazildi.
Xalqaro anjumandan ko‘zlangan maqsad ilm-fanning sog‘liqni saqlash va o‘quv amaliyoti sohasidagi siyosatga ta’sirini kuchaytirish, aholi sog‘lig‘iga uzoq muddatli ijobiy ta’sir ko‘rsatish, pirovardida esa, O‘zbekistonni sog‘lom millatni qanday yaratish mumkinligini tushunuvchi va amalda qo‘llovchi yetakchi davlatga aylantirishdan iboratdir.
Salomatlik ko‘ratkichlari va baholash instituti nashr etgan tadqiqotda qayd etilishicha, O‘zbekiston noto‘g‘ri ovqatlanish tufayli o‘lim holati yuqoriligi bo‘yicha Yevropa mamlakatlari ro‘yxatlari boshida turadi. O‘zbekistonda 1990-2006 yillarda yurak-qon tomir kasalliklaridan vafot etganlar soni Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Yevropa mintaqasidagi qolgan barcha 51 ta mamlakatdagidan ham ko‘p bo‘lgan. Bunday o‘lim holatlari esa ovqat tarkibida natriy miqdori yuqoriligi, don kamligi, oq undan tayyorlangan mahsulotlar ko‘pligi sabab yuzaga kelgan.
Eslatib o‘tamiz, Vazirlar Mahkamasi 2015 yil 29 avgustdagi 2015-2020 yillar davrida O‘zbekiston Respublikasi aholisining sog‘lom ovqatlanishini ta’minlash kontseptsiyasini va chora-tadbirlar kompleksini tasdiqlash to‘g‘risida qaror qabul qilgan.