
«Akademnashr» nashriyoti 2015 yil 21-23 sentyabr kunlari Ashxobod shahrida o‘tkazilgan “Kitob — hamkorlik va taraqqiyot yo‘li” X xalqaro ko‘rgazma-yarmarka va ilmiy konferentsiyada ishtirok etib, tadbir doirasida tashkil etilgan tanlovda Maxtumqulining «Asarlar» kitobi uchun “Eng yaxshi badiiy nashr” yo‘nalishida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
Xalqaro yarmarkada Rossiya, AQSh, Buyuk Britaniya, Avstriya, Germaniya, Turkiya, Italiya, Koreya, Eron, Hindiston, Saudiya Arabistoni, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Armaniston kabi mamlakatlarning 140 dan ortiq nashriyot uylari, Kembrij, Oksford, Illinoys universitetlari, Ivan Fyodorov nomidagi Moskva davlat matbaachilik universiteti, Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti, Rossiya Fanlar akademiyasi kabi sohadagi yirik ta’lim muassalari, yirik axborot va madaniyat markazlari vakkillari, shuningdek, dunyoning taniqli adabiyotshunoslari, tarjima ustalari, olimlari, bezakchi-rassomlari, jurnalistlari ishtirok etdi.
Ko‘rgazmaga kelgan kitobsevarlar va mutaxassislar nashriyot tomonidan taqdim etilgan Yusuf Xos Xojibning «Qutadg‘u bilig» asari, Maxtumqulining «Asarlar»i, Abdulla Oripovning «Sohibqiron» dramasi, Rauf Parfining «Saylanma»si, Nazar Eshonqulning «Mendan mengacha» asari, shuningdek, olmon tilida chop etilgan O‘tkir Hoshimovning «Dunyoning ishlari», G‘afur G‘ulomning «Shum bola» asari va «Buyuk Ipak yo‘li rivoyatlari» kitoblari, «Yod olamiz, shodlanamiz» ruknida bolalar uchun chop etilgan rangli she’r kitoblar to‘g‘risida ham o‘zlarining iliq munosabatlarini bildirdilar.
«Akademnashr» nashriyoti 2004 yili tashkil topgan bo‘lib, ma’rifiy, adabiy-badiiy, ilmiy va ilmiy-ommabop, ijtimoiy-publitsistik va huquqiy adabiyotlar, lug‘atlar, plakatlar nashr etishga ixtisoslashgan.

