Turkiyada 1 noyabr kuni o‘tgan muddatdan oldingi saylov natijalari e’lon qilindi. Hurriyet Daily News xabariga ko‘ra, saylovda hokimiyatdagi Adolat va taraqqiyot partiyasining qo‘li baland kelgan.
Turkiyaning ayni paytdagi bosh vaziri Ahmet Dovudo‘g‘li boshchiligidagi partiya parlamentdagi 550 ta o‘rindan 317 tasi yoki elektoratning 49,5 % foiz ovoziga ega chiqqan. Ushbu siyosiy g‘alaba Turkiyani so‘nggi 13 yil davomida boshqarib kelayotgan Adolat va taraqqiyot partiyasiga yana bir bor yakka holda hukumat tuzish imkonini beradi.
Turkiya qonunchiligiga ko‘ra, parlament mandatiga ega bo‘lish uchun muayyan partiya saylovchilarning 10 foizdan ko‘proq ovozini yig‘ishi kerak. Yakshanba kuni saylovda ishtirok etgan 16 partiyadan to‘rttasi mazkur to‘siqni oshib o‘tgan. Jumladan, Respublika-xalq partiyasi – 25,3 foiz, Milliy harakat partiyasi – 11,9 foiz, Xalq demokratik partiyasi esa 10,8 foiz ovoz olishga muvaffaq bo‘lgan.
Anado‘li axborot agentligi xabariga qaraganda, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an xalq xohish-irodasi hamda saylov natijasini barcha hurmat qilishi lozimligini ta’kidlagan.
Mamlakat bosh vaziri, Adolat va taraqqiyot partiyasi yetakchisi Ahmet Dovudo‘g‘li esa parlament saylovi natijasini “demokratiyaning g‘alabasi” deb atagan. Siyosiy arbob g‘olib partiya mamlakatni yanada erkin, barqaror va mutaraqqiy etish yo‘lida barcha choralarni ko‘rajagini ma’lum qilgan.
Daily Sabah nashrining xabar berishicha, Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat bo‘yicha komissari Federiko Mogerini yakshanba kungi parlament saylovini “Turkiya xalqining demokratik jarayonlarga kuchli intilishi” o‘laroq baholagan.
Bu – Turkiyada so‘nggi besh oy ichida o‘tkazilgan ikkinchi parlament saylovidir. Gap shundaki, joriy yil 7 iyunda o‘tgan saylovda Adolat va taraqqiyot partiyasi 40,8 foiz ovoz bilan g‘alaba qozongan edi. Ammo bosh vazir Ahmet Dovudo‘g‘lining koalitsion hukumat tuzish yo‘lidagi 45 kunlik urinishlari besamar yakunlandi va muddatdan oldin saylov o‘tkazildi.
Adolat va taraqqiyot partiyasiga mamlakatning ayni paytdagi rahbari Rajab Toyib Erdo‘g‘an tomonidan 2001 yil avgustda asos solingan. O‘tgan vaqt mobaynida ushbu partiya 2002, 2007 va 2011 yillardagi parlament saylovida g‘alaba qozonib, yakka holda hukumat tuzib keldi. 2014 yildan beri esa partiyaga Ahmet Dovudo‘g‘li yetakchilik qilmoqda.
Turkiyaning bir palatali parlamenti – Buyuk milliy majlis 4 yilga saylanadigan 550 deputatdan tashkil topadi. Qonunchilikka muvofiq, saylovda ko‘pchilik ovozni olgan partiya ijroiya hokimiyati, ya’ni Vazirlar Kengashini tuzishga haqli. 330 ta deputatlik mandatini yutgan partiya esa konstitutsiyaviy ko‘pchilik hisoblanib, konstitutsiyaviy islohotlar o‘tkazish huquqiga ega bo‘ladi.
Sobir Salim